Teatr san’ati — inson qalbiga yo‘l topadigan, uning ruhiy olamini boyitib, hayotga teranroq nazar bilan qarashga undaydigan betakror san’atdir. Bu san’atning tomoshabin qalbiga yetib borishida esa rejissyorning o‘rni beqiyos. Zero, u sahnadagi har bir obraz, har bir harakat va har bir so‘z orqali yaxlit bir badiiy olam yaratadi. Ana shunday mas’uliyatli va sharafli yo‘lda o‘z ijodiy izlanishlari bilan faoliyat olib borayotgan ijodkorlardan biri rejissyor Shoxrux Yo‘ldoshevdir.
Uning ijodiy faoliyati, sahna asarlariga yondashuvi va teatr san’atiga bo‘lgan munosabati haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, kasbi ortida katta mehnat, izlanish, sabr va yuksak badiiy tafakkur mujassam ekanini ta’kidlash joiz.
Jizzax viloyat musiqali drama teatrining bosh rejissyori sifatida u nafaqat spektakllarga ijodiy yo‘nalish beradi, balki teatr jamoasini yagona maqsad sari birlashtiradi. Sahna ortidagi tinimsiz izlanishlar, repetitsiyalardagi mashaqqatli mehnat, har bir detalga e’tibor va tomoshabin qalbiga yo‘l topish istagi — uning ijodiy faoliyatining ajralmas qismi.
Shohruh Yo‘ldoshev 2013-yildan buyon teatr sohasida faoliyat yuritib kelayotgan iste’dodli rejissyorlardan biri. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Dramatik teatr rejissyorligi” yo‘nalishini tamomlab, ijodiy faoliyatini Jizzax viloyati musiqali drama teatrida boshlagan. Uning dastlabki ishlaridan biri Sharof Boshbekovning “Taqdir eshigi” spektakli bo‘lib, keyinchalik Chingiz Aytmatov asari asosidagi “Falakning gardishi” spektakli bilan “Debyut-2014” respublika ko‘rik-festivalida ishtirok etib, III-o‘rinni egallagan. 2015-yilda O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevning ijodiy laboratoriyasida malaka oshirib, katta rejissyorlik maktabini o‘rgandi.
Shohruh Yo‘ldoshevning “Bahodir” dramasi 2017-yilda “Meni kuylaymiz zamondosh” IV Respublika ko‘rik-festivalida “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasiga munosib ko‘rildi. Shuningdek, “Kashmir qo‘shig‘i”, “Nodirabegim”, “Toshkentga sayohat”, “Olmos Botirning sarguzashtlari”, “Ayiq”, “Guli va Navoiy” kabi spektakllarni sahnalashtirdi. 2021-yilda “Toshkentga sayohat” spektakli bilan Tataristonda o‘tkazilgan XV “Nauruz” xalqaro teatr festivalida munosib ishtirok etdi. Ijodkor N.Gogolning “Revizor”, Sh.Boshbekovning “Zo‘rdan zo‘r chiqsa”, Tavfiq al-Hakimning “Bexato otilgan o‘q”, Islom Hamroning “Millat sha’ni” kabi yana o‘ nlab turli janrdagi asarlarni ham sahnaga olib chiqdi.
Shohruh Yo‘ldoshev teatr ijodidan tashqari respublika va viloyat miqyosidagi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va rejissura qilishda ham faol ishtirok etib kelmoqda. Uning izlanuvchanligi, ijodiy salohiyati va teatr san’atiga sadoqati zamonaviy o‘zbek rejissurasi rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Sevara JALILOVA,
Jizzax viloyat musiqali drama teatri adabiy bo‘lim mudiri.