ODAM SAVDOSI—ASR VABOSI
Odam savdosidek jirkanch illatga qarshi butun dunyoda keskin kurash olib borilmoqda. Afsuski bu illat mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Nafs balosiga yo‘liqqan ayrim kimsalar yonginamizda yurgan odamlarni aldab, sotmoqchi bo‘layotgani naqadar achinarli holat. Xalqimiz “O‘zingdan chiqqan baloga—qayga boray davoga” deb bejizga aytmagan ekan. Razolat botqog‘iga botgan bunday kimsalar oxir-oqibat panjara ortiga ravona bo‘lmoqda. Yaqinda ichki ishlar xodimlari yana bir ana shunday jinoyatni fosh etishdi.
Baxmallik Parvona Ziyodova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) qizlarni Dubay shahriga fohishalikka yuborish bilan shug‘ullanib kelayotgan Soniya Abisheva bilan tanishish qoladi.
—Turmush sharoiting yaxshi emas ekan, puldan qiynalayotganing ko‘rinib turibdi. Ko‘proq pul topishni istasang men bilan ishla.
—Siz nima ish qilasiz?
—Qizlarni Dubayga jo‘nataman, ishlashga…
—Qizlarning ota-onalari qo‘yadimi, u yoqqa borishga?!
—Soddagina ekansan, sen ota-onasi yo‘g‘ini top yoki turmushidan ajrashgan, qiynalganini topsang, ular darrov rozi bo‘ladi. Shungayam katta kalla kerakmi? Dubayda oyiga ming yoki ikki ming dollar pul topasan, desang seni yoningdan ketmay qoladi.
—Topsam necha pul berasiz?
—200-300 AQSH dollaridan beraman har biriga, topib men bilan tanishtirsang bo‘ldi, keyin buyog‘ini menga qo‘yib ber…
Parvona bilan Soniya xuddi opa-singildek bo‘lib ketishdi. Parvona bir-ikki marta turmushidan ajralgan ayollarni topib keldi va Soniyadan belgilangan pullarni sanab oldi. Oshig‘i olchi bo‘lgan ayolning ishlari yurishib ketdi. Harom pul topish unga yoqib qoldi shekilli, u qizlarni “ovlashga” ustasi faranglardan biriga aylandi. U 2023 yilning 14 fevral kuni navbatdagi mijozini Soniya bilan tanishtirishga olib keldi. Uchrashuv Jizzax shahridagi “Star Burger” nomli kafeda o‘tkazilishi belgilangan edi. P.Ziyodova mijoz uchun 2 million so‘m pulni S.Abishevadan sanab olayotganda viloyat IIB va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Ikki jinoyatchi ham qilmishiga yarasha jazosini oldi. Ayol—avvalo ona, sevikli yor, ko‘plab sohalarda erkaklar bilan birdek mehnat qilayotgan yetuk mutaxassis. Uni jinoyatchilar safida ko‘rish ko‘pchilikning aqlu shuuriga sig‘maydi. Noiloj, guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaganidek, ayollarning orasida ham or-nomusini sotayotganlar ham uchrab turibdi. Lekin ularning ham ota-onasi, qarindoshlari, farzandlari bor-ku! Razolat botqog‘iga botgan qizini ko‘rgan ota-ona qay ahvolga tushadi?! Qarindoshu farzandlari-chi? Bunday ayollar nomiga tushgan dog‘ni yuvaolarmikan?!
Rustam RAXMATOV,
viloyat IIB xodimi, kapitan.