90 YOSHLI MUSHTARIY

Enam Anor Abdurazzoqovaning piru badavlat yoshda ham ruhan, ham jismonan tetikligiga havasim keladi. Bir men emas, 13 nafar farzand, 38 nafar nevara, 66 nafar chevaralari ham katta enamizning to‘rt muchasi sog‘ligidan quvonamiz. Besh yil muqaddam ignaga ip o‘tkazishdan qolgan bo‘lsa-da, hamon gazeta-kitoblarni ko‘zoynaksiz o‘qishiga nima deysiz? Yosh-yalanglar, kelinlar turganda ham bir nimalarga unnab ketishini aytmaysizmi? Sizga yolg‘on tuyular, ammo G‘allaorol tumani Savruk qishlog‘ida yashovchi Anor ona Abdurazzoqova 90 yoshni qarshilaganiga qaramay, halol va ozoda, tartibli va kamtar yashagani uchun tengdoshlarigina emas, yoshlar uchun ham ibratli hayot yo‘liga ega.

U 1934 yilda hozirgi Sharof Rashidov tumani Kuyovboshi qishlog‘ida tavallud topdi. O‘rta ta’limni tugatgach, 17 yoshida otam Abduvait Abdurazoqov bilan turmush qurdi. Otam Yakkabog‘ tumanida, so‘ng G‘allaorol tumanidagi 2-G‘allaorol sovxozida veterinariya bo‘limi boshqaruvchisi bo‘lib ishlagan. Enam uy bekasi bo‘lib, ikkovlari 13 nafar farzandni voyaga yetkazishgan. E’tiborlisi, 9 nafar qizli bo‘lishgan bo‘lsa, ularning hammasi oliy ta’lim dargohlarida o‘qishgan. Ammalarimning aytishicha, qizlarni o‘qitish joiz bo‘lmagan davrlarda Toshkent, Samarqand kabi katta shaharlarda o‘qib, shifokor, o‘qituvchi kasbini egallashiga otamning keng dunyoqarashi, enamning rag‘bati sabab bo‘lgan ekan. Shu tariqa 10 nafar farzand oliy ma’lumotli, qolganlar o‘rta-maxsus ta’lim olishgan.

Otam 2006 yil Haj safarini ado etganidan so‘ng to‘rt yil yashab, 2010 yil 80 yoshida vafot etdi. Shundan buyon oradan o‘n to‘rt yil o‘tib, enam katta oilamizga duolari, ibratli ishlari, serharakat hayot tarzi bilan boshchilik qilib kelmoqda. U hamon amakimning ishxonasiga keladigan gazeta-jurnallarni o‘qib chiqadi. “Televizor ko‘rishdan ko‘ra kitob o‘qish, gazetalarni varaqlash zehnni oshiradi, nutqni boyitadi. Soatlab ekranga ko‘z tikib o‘tirganda vaqting ketganini ham, harakatsiz o‘tirganingni ham sezmaysan. Kishi ko‘p harakat qilib, ko‘p fikrlashi kerak” deydi bizlarga. Telefon ekraniga ko‘z tikishni allaqachon odat qilgan chevaralarini ham shunday tartibga chaqiradi.

Ochig‘i, enamning to‘qson yoshda ham to‘rt muchasi sog‘ligini qalb va fikr ravshanligi, doim yaxshilikka intilishi, hayotdan hikmat izlab yashashida deb bilaman. Olloh umr bersa, yuzni ham mana shunday aqli, qalbi, jismi va iymoni but holda kutib olishiga ko‘zim yetadi. Nabiralik mehri bilan yozilgan mana shu mitti maqolani o‘qiyotganini ko‘z oldimga keltirib, baxtdan quvonib ketyapman. Shunday aziz va mukarram bo‘lib keksayish har birimizga nasib etsin! Nabiralari nomidan

Muhayyo ISROILOVA,
Baxmal tumanidagi 35-umuta’lim maktabning

oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan