Prezidentdan sovg‘a keldi

Sport va yoshlar

Viloyatimizning barcha tumanlariga sport jihozlari karvoni yetib keldi.

Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining tuman va shahar bo‘limi boshliqlari hamda sport maktablari xodimlari ishtirokida viloyatimizdagi 308 ta mahalla yoshlar yetakchilarining ish faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida ularning har biriga sport anjomlari topshirildi.

Vohamizda sog‘lom turmush tarzi va sportni keng targ‘ib etish, o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli taqsimlash maqsadida mahalla yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu sport anjomlarini topshirishdan asosiy maqsad ham ana shu musobaqalarni yanada ommalashtirish va uning ko‘lamini kengaytirishdan iborat. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin O‘ktamov hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Otabek Musurmonovlar so‘zga chiqib, Prezidentimizning mazkur sovg‘asi yoshlarga, sportchilarimizga katta ishonch namunasi ekanini ta’kidlashdi.

—Ushbu e’tibordan yoshlarimiz juda mamnun, —deydi viloyat Sport boshqarmasining axborot xizmati mutaxassisi Mansurbek Haydarov. — Bu mahallalarda o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan sport musobaqalarining yanada jonli, samarali o‘tishi uchun xizmat qiladi. Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan bahslarga puxta hozirlik ko‘rishda ushbu to‘rt turdagi anjomlarning ahamiyati nihoyatda katta. Yosh sportchilarimizning yanada chiniqishi, bellashuvlarda toblanishi uchun kerakli sharoitlar yaratilayotganligi quvonarli.

Xolnisa RAHMONQULOVA.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan