O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024 yil 2 fevralda «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmon qabul qildi. Farmonga ko‘ra, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyatida o‘tgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari, viloyat Kengashi deputatlari mazkur farmonning mazmun-mohiyati va amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida fikr almashdilar.
Nodira KARIMOVA (xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyat mudiri): — Prezidentimizning bu farmonini davlatchiligimiz tarixidagi eng muhim hujjatlardan biri deb hisoblayman. Chunki, davlat boshqaruvi tizimida islohotlar yanada chuqurlashib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari yaratildi.
Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi.
Endilikda farmon bilan yangi tahrirdagi konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi.
Farhod ODILOV (viloyat Kengashi deputati): — Darhaqiqat, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining davlat organlarining hisobot (axborot)larini eshitishga doir ayrim vakolat va funksiyalari 10 taga birlashtirilgan holda tizimlashtirildi. Masalan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining 7 turdagi (dasturlar ijrosi; kichik biznes, tadbirkorlik, aholi bandligi; kreditlar ajratish; hokim yordamchilari axborotlarini eshitish yakunlariga oid) hisobotlarini eshitish – hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi bo‘yicha hisobotlarini eshitish doirasida ko‘rib chiqiladi.
Farmonga muvofiq, mahalliy Kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanadi. Demak qonunlarimiz ham isloh qilinib, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Sanobar SUYAROVA (Senator): — Farmon bilan davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish, atmosfera havosiga ta’sir etuvchi korxonalarni qurish joylarini, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylarni belgilash, yo‘lovchi va yuk tashish tariflari, jumladan fuqarolarning alohida toifalari uchun imtiyozli tariflar, tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va boshqalar ham mahalliy Kengashlar vakolatiga kirar ekan, deputatlar mas’uliyati ham oshadi.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilish, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etish to‘liq ro‘yobga chiqadi.
Xalida ALIMOVA (Senator): — Men farmon bilan tanishar ekanman, mahalliy boshqaruv tarixida birinchi marta mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berilganligiga ishonch hosil qildim. Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazilmoqda. Bu deputatlardan o‘ta mas’uliyat bilan faoliyat ko‘rsatishni talab etadi.
Dilafruz HAMDAMOVA (viloyat Kengashi deputati): — Ekologik partiyadan saylangan deputat sifatida atmosfera havosini ifloslantiruvchi yoki unga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi korxona va inshootlar quriladigan joylar, chiqindilar ko‘mib tashlanadigan joylar xalq vakillari roziligi bilan belgilanishi, mahalliy ahamiyatga molik bo‘lgan kurort tabiiy hududlar, rekreatsiya zonalari, botanika va dendrologiya bog‘lari, tabiat bog‘lari ham faqatgina Kengashlar roziligi bilan tashkil etilishi yoki tugatilishi yuzasidan qarorlar tegishli hudud aholisi tomonidan saylangan deputatlar fikrini inobatga olgan holda, kollegial tartibda qabul qilinishi tevarak-atrofning sofligini asrashga xizmat qiladi.
Orif SHUKUROV (viloyat Kengashi deputati): — Ta’lim tizimida tegishli hududda davlat bog‘cha va maktablarini tashkil etish bo‘yicha qaror aynan mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinishi farmonda belgilab qo‘yilgan. Endilikda, hududdagi ehtiyojni har tomonlama o‘rgangan holda, qaysi hududda, mahallada yangi maktab yoki bog‘cha tashkil etish kerak, qaysi birini kengaytirish, qaysisini tugatish kerakligini aholi tomonidan saylangan xalq vakillari hal etadi.
Murodbek RAHMONBЕRDIYEV (viloyat Kengashi deputati): — Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida 2024 yilgi saylov yakunlari bo‘yicha, dastlab viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida, so‘ngra 2026 yildan e’tiboran tuman (shahar) Kengashlarida Kengash raislari va hokimlar alohida-alohida faoliyat yuritishi belgilandi. Shu sababli, amaldagi qonunchilik bilan bugunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan umumiy vazifa va funksiyalarning mahalliy vakillik organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq taqsimlanishi belgilanmoqda. Shunga ko‘ra, Farmon bilan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va manfaatdor vazirlik va idoralarga Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonunchilikdagi vakolatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Takliflarni ishlab chiqishda – jamiyat manfaatlariga bevosita daxl qiluvchi masalalarni hal etishga xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mas’ul ekanligi bilan birga, hokimliklarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi tashabbuskorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Tahririyatdan: Davra suhbati ishtirokchilari farmonda mahalliy Kengashlarga berilayotgan vakolatlar va ularning mas’uliyatiga batafsil to‘xtaldilar. Endilikda hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratilishi boshqaruvning yangi tizimini shakllantiradi va bu xalqimizning yanada baxtli, farovon yashashiga asos bo‘ladi.
Asad MUSTAFOYEV.
Botir Qudratov olgan surat.