Jizzax shahrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 106 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir-yozuvchilar, faxriylar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab yirik jamoat va davlat arbobi Sharof Rashidov haykali poyiga gulchambar qo‘yilib, xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Sharof Rashidovning davlat arbobi va ijodkor sifatidagi ko‘p qirrali faoliyati xususida so‘z yuritilib, u rahbarlik qilgan yillarda respublikamizda barcha sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Shuningdek, “Sharof Rashidov –o‘zbek xalqining baxt-saodati yo‘lida fidokorona kurashgan buyuk inson, atoqli davlat va jamoat arbobi”, “Sharof Rashidov – milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor” singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Atoqli davlat arbobi bilan bir davrda ishlagan, uning suhbatlaridan bahramand bo‘lgan faxriylar o‘z xotiralarini so‘zlab berdi. Sharof Rashidov asarlaridan namunalar o‘qildi, she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi.
–Bu olijanob, donishmand va bag‘rikeng inson, qanday suronli sinovlarga duch kelgan bo‘lmasin, yuksak gumanistik g‘oyalarga doimo sodiq bo‘lib, xalqimiz qalbida yaxshi nom, so‘nmas xotira qoldirdi,–dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova. –Bugun Sharof Rashidovning yorqin xotirasiga ko‘rsatilayotgan cheksiz ehtirom, hurmat va izzat bu fikrimizni yana bir bor yaqqol tasdiqlab turibdi.
Tadbir doirasida Sharof Rashidov asarlari, uning bevosita Jizzax va jizzaxliklar bilan bog‘liq faoliyati aks etgan fotosuratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Shahnoza YULDASHЕVA.