Bugungi kunda favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilishni bilish hayotiy zaruratdir. Joriy yilning 21-23 fevral kunlari Paxtakor tumanida “Boshqaruv organlari, favqulodda vaziyatlar davlat tizimi hududiy va funksional quyi tizimlarining favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakati” mavzusida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Dastlab “G‘alaba” MFY hududida joylashgan Don qabul qilish shaxobchasida Fuqaro muhofazasi tuman yig‘ma komandasining ko‘rgazmali saf ko‘rigi o‘tkazildi. Olmazor mahallasida zilzila tufayli ko‘p sonli aholini “Paxtakor” MFYdagi kasb-hunar maktabiga evakuatsiya qilish, fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazish, jabrlanganlarni aniqlash va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari bajarildi. Aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgach, vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlandi.
Tuman tibbiyot birlashmasida ko‘p sonli jarblanuvchilarga birinchi yordam ko‘rsatish tadbirlari o‘tkazildi. Zizila natijasida suv ta’minotida sodir bo‘lgan avariyalarni bartaraf etish, aholini toza ichimlak suvi bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus taktik-o‘quv mashqi bo‘lib o‘tdi.
O‘quv mashqining ikkinchi kuni “Hududgaz Jizzax” MCHJ Paxtakor tumani filiali tomonidan zilzila natijasida gaz ta’minotida yuzaga kelgan avariyalarni bartaraf etish harakatlari bo‘yicha maxsus taktik-o‘quv mashqi bilan boshlandi.

“Olmazor” MFY hududida joylashgan gaz taqsimlash uskunasida yuzaga kelgan nosozlik avariya brigadasi tomonidan bartaraf etildi.Tadbir davomida“Paxtakor tekstil” va “Gold tekstil” MCHJlarda zilzila natijasida yuzaga kelgan avariyalar hamda yong‘in barataraf etildi. “World trading company” , “Silverlife” va “Paxtakor sifat yog‘” MCHJlarda sodir bo‘lgan vayronalar va yong‘inni bartaraf etishda FM tuzilmalarining tegishli xizmatlar bilan hamkorlikdagi harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari zilzila natijasida yuzaga kelgan avariyalarni bartaraf etishdi.
O‘quv davomida sel-suv toshqinlarining oldini olish maqsadida tuman hududidan o‘tgan YUR-23 kanalining 600 metr qismida o‘zan tozalash ishlari amalga oshirildi. “Turkiston” MFY hududidan o‘tuvchi ichki zovurlarning 400 metr qismida o‘zanlar tozalandi. Ushbu tadbirlarga “Sangzor buloq” MCHJ ga qarashli Ekskavator va tuman melioratsiya bo‘limining maxsus texnikalari va ishchi xodimlar jalb etildi.
Uch kun davom etgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotiga barcha korxona, muassasa va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlar qamrab olindi. Mashg‘ulotga jami 955 nafar shaxsiy tarkib va 121 ta texnika jalb etildi. Turli o‘quv mashqlari davomida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari amalda bajarildi.Zilzila, yong‘in, sel, turli texnogen ofatlarning kelib chiqish sabablari va oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida aholiga ma’lumot berildi. Bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish amalda ko‘rsatib berildi. O‘quv-mashqidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu – odamlarda o‘zini va yordamga muhtoj boshqa insonlarni qutqarish ko‘nikmasini shakllantirish edi.
O‘quv mashqi yakuni bo‘yicha tuman hokimligida o‘tqazilgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ham fikr-mulohazalar aytib o‘tildi. O‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondoshgan xizmatlar rahbarlariga viloyat hokimining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Sharof SHUKUROV,
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining
birinchi o‘rinbosari, o‘quv mashqi shtabi boshlig‘i, podpolkovnik.