BUYUK KЕLAJAK KAFOLATI

Yoshlikdan kitobni sevib o‘qish, badiiy adabiyotlar yig‘ish, unga hurmatda bo‘lish, o‘z uyida kutubxona tashkil etishga intilish har qanday kishi uchun oliyjanob fazilat. Darhaqiqat, mutolaa qilish, xarid qilgan yangi kitobingdan o‘zgalar baxramand bo‘lishi, o‘z navbatida boshqalarni o‘qishga da’vat etishdan ortiq quvonch bormi? Qisqasi qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yurgan kitob, uni yozgan muallifnigina emas, balki kitobxonlarning ham quvonchi, faxridir.

Yurtimizda kitobga chinakam ixlos qo‘ygan, o‘z xonadonida kutubxona tashkil etib, boshqalarni xam kitobxonlikka o‘rgatayotgan va bundan olam-olam shavqu zavq olayotgan kitobsevarlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Aslida o‘qish madaniyati tarbiyasini dastavval oiladan boshlash kerak. Bolaga kitobni sevish, kutubxonadan oqilona foydalanish, o‘qish san’ati, qisqasi, kitobsevarlik ko‘nikmasini, asar ustida ishlashni o‘rgatish uchun ota-onalarning o‘zi mutolaa madaniyatidan xabardor bo‘lishi kerak. Agar har bir oilada zarur adabiyotlardan iborat kichkina kutubxona bo‘lsa, undan o‘z vaqtida foydalanib, tartib-qoidalariga amal qilinsa, bunday oilada kitob o‘qish madaniyati o‘z-o‘zidan shakllanib boradi. Sohibqiron Amir Temur ta’biri bilan aytganda, «Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir». Shu ma’noda, shaklidan qat’i nazar, barcha kitoblar milliy o‘zligimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qilishi ayni muddao

.
Davlatimiz rahbarining «Har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta’lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib, kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deya ta’kidlab, mamlakatimizni ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha beshta muhim tashabbusni ilgari surdilar. Ushbu xayrli tashabbus doirasida respublikamizda barcha kitob ahli faol ishtirok etishdi.

Shuning barobarida, ota-onalar muntazam ravishda o‘z farzandlarini kitob do‘konlariga olib borishlari, ularning kutubxonaga qatnashini rag‘batlantirishlari darkor. Kitob sovg‘a qilish an’anasini keng joriy qilish kerak. Hozirgi kunda yurtdoshlarimiz orasida bayram, to‘y va tug‘ilgan kunlarda kitob sovg‘a qilish ommalashib borayotgan bo‘lsa-da, ayrimlar haligacha kitob hadya etishdan or qiladi, uyaladi. Vaholanki, kitobdan ulug‘ sovg‘a bormi?!

O‘g‘loy ALIBЕKOVA,
Do‘stlik tuman axborot-kutubxona markazi kutubxonachisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan