27 mart – xalqaro Teatr kuni nafaqat sahna ustalari va teatr xodimlari uchun kasb bayrami, balki millionlab g‘amxo‘r tomoshabinlar, barcha teatr san’ati ixlosmandlarining bayramidir. Bolalar uchun teatr atrofdagi dunyoni o‘rganish usuli, yoshlar uchun bu o‘zini namoyon qilish va kashf qilish maydoni, kattalar uchun esa ma’naviyat manbai, hayotni kundalik tartib va oddiylikdan tashqari ko‘rish imkoniyatidir.
Jizzax viloyat musiqali drama teatrida ushbu sana munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Teatr sevimli aktyorlari uchun gullar olib kelgan san’at ixlosmandlari bilan to‘ldi. O‘z navbatida ushbu dargoh ijodkorlari ham muxlislari uchun yorqin va maroqli konsert dasturini taqdim etdilar.
-Teatrimiz repertuarida O‘tkir Hoshimovning “To‘ylar muborak”, Anton Chexovning “Ayiq” komediyalari ham borki, bu kulgu va satira orqali jamiyatdagi ayrim muammolarni ochib berishga xizmat qiladi, deydi teatr direktori G‘ulom Darxonov – Tomoshabinlar, ayniqsa, ko‘p yillar davomida muvaffaqiyat bilan qo‘yib kelinayotgan “To‘ylar muborak” spektaklini har safar miriqib tomosha qiladilar. Bu dabdabali to‘y qilish, dilbandlarini badavlat oilalarga uzatish qayg‘usida yurgan ayollarga “Olmoqning bermog‘i bor” hayotiy naqlini eslatib, oilalarni sof muhabbat orqali qurishga chorlaydigan dramadir.
Darhaqiqat, teatrda komediya kulgu orqali ijtimoiy hayotdagi nuqsonlar, kishilarning ongi va xarakteridagi yaramas xususiyatlarni tanqid etadi. Shu orqali odamlar yuziga ko‘zgu tutiladi. Otaxon teatrning iste’dodli ijodkorlari bu janrdagi sahna asarlari mag‘zidagi dardni ham mahorat bilan ochib bermoqdalar.
Tadbirda O‘zbekiston Davlat filarmoniyasining viloyat bo‘limi xonandalari ajoyib kuy-qo‘shiqlar bilan barchaga zavq ulashdilar. Tadbir so‘nggida teatr xodimlari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Xalqaro teatr kuni san’at ixlosmandlariga ijobiy taassurotlar va boy energiya taqdim etdi.
Ruslan JALILOV.