Jizzax viloyati 1-sektor rahbarining Forish tumanidagi «Bog‘don» mahallasida joylashgan 30-sonli madaniyat markazida aholi bilan ommaviy sayyor qabuli o‘tkazildi.
Qabulda sektor rahbarlari, viloyat va tuman hokimi o‘rinbosarlari, aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ishchi guruh a’zolari, hokim yordamchilari, mahalla raislari va viloyat hamda tumandagi tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Sayyor qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov kirish so‘zi bilan ochib, jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mansabdor shaxslarning murojaatlar bilan ishlash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi haqida gapirdi. Fuqarolarning murojaatlari e’tiborsiz qolmasligi, ularning barcha savollariga viloyat korxona, tashkilot, muassasalarning rahbarlari ochiq oydin javob berishlari, tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish borasidagi vazifalarning bajarilishi, muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilishini ta’kidlab o‘tdi.
Ommaviy qabulda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov ishtirok etib, tumanda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi. Forish tumanida 2023 yilda dasturlar doirasida 83 ta obyektlarda 149,8 mlrd. so‘mlik qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Birgina tuman markaziy shifoxonasida 1,7 mlrd. so‘mga kanalizatsiya tarmog‘i, 100 kubometr hajmli inshoot quriladi. Qo‘lba mahallasida 2,5 km. ichimlik suv tarmog‘i va 1 ta inshoot quriladi. Uchma mahallasida 19-sonli, Ilonli mahallasida 43-sonli, Oqtepa mahallasida 30-sonli umumta’lim maktablari joriy ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi. Amalga oshirilayotgan bu kabi bunyodkorlik ishlaridan yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Qabulga kelgan fuqarolarga qulaylik yaratish va ish jarayonini sifatli va tezkor tashkil etish uchun viloyat hokimi o‘rinbosarlari, viloyat tashkilotlari va boshqarmalari rahbarlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, faoliyat olib bordi. Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan 58 ta masalalar bo‘yicha 41 ta murojaatlar bo‘ldi.
Murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
V.G‘AYBULLAYEV.