QADDI VA QADRI BALAND AYOL

Dilbar Saidovani tanimagan, bilmagan odam kam oramizda. Opa halol mehnati, tadbirkor-tashabbuskorligi, xalq dardi uchun yelib-yugurib yurishi, namunali hayot tarzi sabab chin ma’noda ayollarning qanday ulug‘ ishlarga qodir ekanligini ko‘rsatib bera olgan inson. Uning muborak yetmish yoshlik tavallud ayyomi mahallamizda katta tantana, opaga, umuman, ayolarga nisbatan ehtirom va tavoze tarzida nishonlandi.

-Dilbar Saidovaning mehnat faoliyatiga yarim asr to‘lgan bo‘lsa, uning o‘ttiz yili Sovungarlik mahallasida o‘tdi, – deydi “Ustoz va shogirdlar uchrashuvi” tadbirida so‘zga chiqqan mahalla oqsoqoli Murod Isoqov. – 22 ming nafar aholisi bo‘lgan Oxunboboyev QFY raisi o‘rinbosari vazifasida ishlaganida ham odamlar qalbiga yo‘l topa olib, keksalar, nogironlar, yetim va kam ta’minlanganlarga g‘amxo‘rlik qilishni birinchi darajali vazifa deb bildi. Ikki yuzdan ziyod ajrimlarning oldini oldi. Sanasak, bunday xayrli ishlarining adog‘i yo‘q. Biz Dilbar Saidovadan ishchanlik va xalqparvarlikni o‘rgansak arziydi.
Opaning ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida shogirdlari Rahimjon Siddiqov, Shamsi Ismatova, Ra’no Yaxyoyeva, mahalla raislari Odiljon Qudratov, Mo‘minjon O‘rinboyevlar iliq fikrlar bildirishdi. Rahbarlik tajribasi, o‘z ustida ishlash, oilaparvarlik, kamtarinlik, yuksak ma’naviyat, o‘zbekona lutf kabi ijobiy xislatlarni o‘rganib, hozirda ham maslahat olib turishdan tortinmasliklarini bayon etishdi.

Ayni vaqtda bu tajribali inson Sh.Rashidov tumani “Buvijonlar guruhi”ni boshqarmoqda. Tumandagi 48 ta mahallada “Buvijonlar guruhi” faoliyat ko‘rsatadi. Tuzilmaning mahallalarda ma’naviy-ijtimoiy muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oilalarda nizoli vaziyatlarni tezkor va samarali hal etishda o‘ziga xos tajriba maktab sifatida shakllanib borishida D.Saidovaning mohirona rahbarligi katta o‘rin tutadi. Hormang, tolmang, bilim va tajribalaringizni yoshlarga o‘rgatishdan charchamang deymiz!

Qo‘ysinoy ZIYAYEVA,
Mehnat faxriysi,
«Sovungarlik» mahallasi buvijonlar guruhi raisi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan