OBI HAYOT BЕBAHO NЕ’MAT

Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda muhtaram Prezidentimiz keng jamoatchilik va ayniqsa, biz nuroniylarning oldimizga muhim vazifalarni belgilab berdi.

“Suv – tekin emas”, degan g‘oyani aholi ongiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifamiz bo‘lishi lozimligini uqtirib, kelgusida suv taqchilligi bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga bugundan yechim izlashga barchamiz mas’ul ekanligimizni eslatib o‘tdilar. Shuningdek, Yurtboshimiz joriy yilning 29 noyabrida Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham suvdan tejamkorlik bilan foydalanish borasida barcha mas’ullarga zarur topshiriq va vazifalarni belgilab berdi. Haqiqatdan ham bu mavzu bugungi kundagi eng dolzarb masaladir. Xususan viloyatimizda ham suv va elektr energiya sarfi bilan bog‘liq muammolar ko‘plab topiladi. Shundan kelib chiqib “Jizzax haqiqati” gazetasining 8 dekabr sonida “Jizzax viloyati faollarining qishloq xo‘jalik korxona (fermer, dehqon xo‘jaliklari, klaster)lari rahbarlari va mahalla raislariga Murojaati” e’lon qilindi.

Shunday ekan, endilikda har birimiz bunday dolzarb muammolarni bartaraf etish yo‘lida Prezidentimizning yonida kamarbasta bo‘lishimiz zarur. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, ichimlik suvi ta’minoti, uni tejash bilan bog‘liq muammolarni hal etishga hammamiz o‘z hissamizni qo‘shaylik. Bu ezgu ishga bugun har bir mahalla ahli, har bir oila, har bir fuqaro birdek kirishmog‘i lozim.

Suv — hayot manbai ekanligi barchaga ayon. Inson bir kun ham suvsiz yashay olmaydi. Chunki suv salomatlik, oziq-ovqat, energiya va atrof-muhit uchun eng muhim resurs hisoblanadi. Bugungi kunda butun dunyo jamoatchiligini ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar xavotirga solib kelmoqda. Iqlimning isib ketishi va suv resurslaridan tejamsiz foydalanish ichimlik suvi inqiroziga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida tez tez aytilmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik muammolar bilan birga suvdan oqilona foydalanish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. Ushbu muammoni bartaraf etishga O‘zbekistonda ham keng ko‘lamli ishlar boshlanganligini ham yaxshi bilamiz.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi bilan respublikamiz suv xo‘jaligi sohasini kompleks rivojlantirish, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanishga kirishildi. Jumladan, raqamli va suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalari keng joriy etilmoqda, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha yangi, istiqbolli loyihalar amalga oshirilayapti. Bugina emas, Yurtboshimiz qo‘shni davlatlardagi suv muammolarini hal etish yuzasidan ham amaliy takliflarni ilgari surmoqda. Mintaqadagi suv muammolarini hal etish uchun qo‘shni mamlakatlarni ham faol hamkorlikka chaqirib, kelajak rejalarini tuzishga undamoqdalar.

Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Prezidentimizning so‘zlagan nutqi jahon hamjamiyatini, sizu bizni, barchamizni yana bir bor ogohlikka da’vat etadi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi bilan bog‘liq masalaga alohida urg‘u berar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatladilar. Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish tarafdori ekanligini ta’kidladilar.

Shu bilan birga joriy yil 15 sentyabr kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ham muhtaram Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha maxsus dasturni qabul qilish, bu borada yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ilgari surdilar.

Davlatimiz rahbari ichki siyosatda ham kelgusida kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish masalasini kun tartibiga qo‘ydilar. Kelgusi 7 yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturilamal hujjat bo‘lgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi bunga yaqqol misoldir. Strategiyaning 3-yo‘nalishi suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangani barchamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Har birimiz tashabbusni qo‘lga olib, aholi o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun tushuntirish ishlarida faol qatnashmog‘imiz lozim. Suvdan foydalanish nafaqat muqaddas dinimizda, balki ota-bobolarimizning madaniyatida, butun o‘zbek mentalitetiga singib ketgan. Ota-bobolarimiz azaldan “Suvga tupurma”, “Suvni isrof qilma”, “Suv keldi, nur keldi”, “Suv—hayot manbai”, “Suv—ne’matlarning ulug‘i”, “Oldingdan oqqan suvning qadriga yet”, “Suvning uvoli yomon”, “Suv keltirgan elda aziz” deya yosh avlodni tarbiyalaganlar. Qariyalarimiz dasturxon ustida duoga qo‘l ocharkanlar, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishini tilash asnosida daryolarimizga mo‘l suv, dehqonchiliklarimizga barokat tilashadi. Ana shu qadriyatlarimizga amal qilish hammamizning burchimizdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 2,3 milliardini suv bilan ta’minlash muammo bo‘lib turganligi hammaga ma’lum. 1 milliard aholi toza ichimlik suviga ehtiyoj sezyapti. 400 million odam esa suvsizlikdan azob chekmoqda.

Ming afsuski, biz dunyo miqyosida olganda, suvdan o‘ta isrofgarchilik bilan foydalanayotganlardan biri ekanmiz. Demak suvni asrashni, uni tejash kerakligini unutayapmiz. Xonadonlarda suvdan foydalanish, ayniqsa, dala hovlilardagi bog‘larda suv isrofgarchiligi juda yuqori. Ushbu xonadonlardagi ochiq suv havzalari (hovuz, basseynlar) ichimlik suvi bilan to‘ldiriladi, ko‘p hollarda bu suv tez-tez yangilanadi. Avtoulovlarni tozalashda xam ichimlik suvidan foydalanamiz. Ayrim joylarda bog‘larimiz, ekinlarimizni soatlab vodoprovoddagi ichimlik suvi bilan sug‘orilishini ham bilamiz. Ba’zi korxona va tashkilotlar, ovqatlanish shoxobchalaridagi suv jo‘mraklaridan tinimsiz oqayotgan suvning hisobi yo‘q. Bebaho ne’matni o‘z qo‘limiz bilan uvol qilamizmi? Iste’mol qilgan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni ham o‘z vaqtida amalga oshirmaymiz. Bu holat muammo ustiga muammo bo‘lmaydimi?! Ichgan suvimizning pulini o‘z vaqtida to‘lashga o‘rganaylik. Aholini, barcha iste’molchilarni o‘rgataylik. Kelinglar, aziz yurtdoshlar! Aholi o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantiraylik. Bu xayrli ishni «bog‘cha – maktab – oliygoh» tamoyilida, eng muhimi, oilada doimiy olib borishni yo‘lga qo‘yish yaxshi samara berishi aniq.

Agar global isish jarayoni shu tarzda davom etsa, yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi hozirgidan 15 foizga qisqarishi mumkin. Shunday bo‘lgan taqdirda aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi hozirgidan 25 foizga kamayib ketar ekan.

Viloyatimizda boshlangan har qanday xayrli va savobli ishlar nuroniylarimizning duolari bilan boshlanadi. Chunki, ko‘pni ko‘rgan otaxonu onaxonlarimizning hayotiy tajribasi, ezgu tilaklari barchamizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Shunday ekan, biz nuroniylar har ishda bosh bo‘laylik. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, ona yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishda yoshu qari tashabbus ko‘rsataylik, nonni qanday e’zozlasak, suvni ham shunday e’zozlaylik. Ulug‘ ne’mat bo‘lgan suvni tejashni yosh avlodga o‘rgataylik. Bebaho boyliklarimizdan kelgusi avlodlarimiz ham bahramand bo‘lishi kerak. Buni unutmaylik! Axir hammamizning bu yorug‘ olamdagi niyatimiz ezgu, fikrimiz ezgu, so‘zimiz ezgu, amalimiz ham ezgudir. Dunyo tamadduniga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimiz ana shu g‘oya asosida ish tutganlar. Ezgu ishlarimiz ro‘yobini albatta ko‘ramiz. Demak kelgusi avlodlarimiz ham bizdan rozi bo‘ladi.

Norqul NUSHAROV,

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy

faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy”

jamg‘armasi viloyati bo‘limi raisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan