G‘ALLAOROLDA SHAKAR ZAVODI BARPO ETILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20-21 fevral kunlari Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida “Nile Sugar” kompaniyasi (“Orascom Investment”) bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida umumiy qiymati 400 mln. dollarlik qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan  edi.

Loyihaga ko‘ra G‘allaorolda 50 ming gektar lalmi maydon o‘zlashtirilib, suv tejamkor texnologiyalar asosida qand lavlagi yetishtirish,  100 gektarda kunlik quvvati 12 ming tonna qand lavlagini qayta ishlovchi, yiliga 200 ming tonna shakar ishlab chiqaruvchi zavod barpo etish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha doirasida 2 ming nafar doimiy va 10 ming nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida o‘tgan yilning 17-21 iyul kunlari misrlik  kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi.

Tashrif davomida kompaniya vakillariga loyiha doirasida taklif etilayotgan yer maydonlari, investitsiya kiritish shartlari va imtiyozlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Jumladan,2023 yil 18 iyulda  Jizzax viloyati hokimi  bilan uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, G‘allaorolda faoliyat yuritayotgan “Sag agro G‘allaorol” MCHJ tomonidan 800 gektar  maydonda suv tejamkor texnologiyalarini joriy etgan holda barpo etilgan yong‘oqzor bilan tanishtirildi.

Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish uchun taklif etilayotgan G‘allaorol tumanidagi 50 ming gektar lalmi yer maydonida qand lavlagi yetishtirish imkoniyatlarini joyiga chiqqan holda mehmonlar ishtirokida o‘rganildi,   tahlil uchun tuproq va suv namunalari olindi.

—Tashrif yakuniga ko‘ra kompaniya tomonidan “Xonimqo‘rg‘on” MFY hududidan 120 gektar lalmi yer maydoni shakar ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun tanlandi va kompaniya vakillari tomonidan 20 ming gektar  lalmi  maydonda yer osti suvlaridan foydalangan holda qand lavlagi yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirildi,—deydi tuman hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Begbutayev.

Ma’lumot uchun, 20 ming gektar lalmi maydonda  investor tomonidan hamda qolgan 30 ming gektarida fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida xom ashyo yetishtiriladi.

Kompaniya tomonidan birinchi bosqichda joriy yilda G‘allaorol tumanida 80 gektar  maydonda suv tejovchi texnologiyalar asosida qand lavlaginining turli navlarini sinov tariqasida yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar loyihaning texnik iqtisodiy ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi, ekin yer maydonlari holati va yer osti suvlaridan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi hamda investitsiya shartnomasi shartlari ishlab chiqilib, ikki tomonlama kelishiladi.

O‘tgan yilning dekabr oyida respublika qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari hamda G‘allaorol tumani hokimi Jalolitdin Oqboyev va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Akbar Xolboyevlardan iborat delegatsiya  mazkur istiqbolli loyihani jadallashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasida  amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Misrda bo‘lib qaytishdi.

 

Zoir ERGASHЕV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan