So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi va antropogen ta’sirlar natijasida tabiatda yo‘qolish xavfi yuqori bo‘lgan turlar soni ko‘paymoqda. Respublikamizda bioxilma-xillikning inqirozlashuvi hayvonlar va o‘simliklar olamida yaqqol kuzatilyapti. “Qizil kitob”ning dastlabki 1984 yilgi nashrida o‘simlik turlari soni 163 tani tashkil etgan bo‘lsa, 1998 yilda bu ko‘rsatkich 301, 2006 yilda 306 hamda so‘nggi nashrida 324 ta turni tashkil etdi. 2019 yil chop etilgan respublika “Qizil kitob”iga sut emizuvchi hayvonlarining 30 turi, qushlarning 52 turi, sudralib yuruvchilarning 21 turi, baliqlarning 17 turi, chuvalchanglarning 3 turi, hashoratlarning 14 turi, bo‘g‘im oyoqlilarning 66 turi kiritilgan.
Bu tabiatni muhofaza qilishda achinarli hol hisoblanib, flora va faunasi juda boy bo‘lgan yurtimizda ularning asta-sekin yo‘qolib borayotganini ko‘rsatadi. Yo‘qolishi arafasida bo‘lgan turlarning yil sayin ko‘payishiga asosiy sabablar brakonerlik, muhofaza qilinuvchi hududlarning kamligi, mas’ul idoralarning mas’uliyatsizligi, muhofaza qilinadigan yerlar to‘g‘risida aholining kam habardorligi, ekologik madaniyatning yetishmasligi, “Qizil kitob”ga kirgan o‘simlik va hayvonlarning yaxshi himoyalanmaganligidir. O‘simliklar va hayvonlar faqat himoyalangan hududlarda xavfsiz yashay oladi. Afsuski, bunday qo‘riqlanadigan hududlar o‘lkamizda juda oz bo‘lib, umumiy maydonning 448,900 km.² yoki atigi 8 % ni tashkil etadi.
Bugungi kunda respublikamizda 8 ta davlat qo‘riqxonasi – Chotqol, Zomin, Nurota, Hisor, Kitob, Surxon, Zarafshon, Qizilqum, 2 ta milliy tabiat bog‘i – Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i, Zomin milliy tabiat bog‘i, 1 ta davlat biosfera rezervati – Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, 13 ta davlat buyurtmaxonasi, 7 ta davlat tabiat yodgorligi va hayvonlarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan 3 ta tabiiy pitomnik – Jayron» ekomarkazi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan 2 ta yo‘rg‘a-tuvaloq parvarishlash pitomnigi faoliyat ko‘rsatmoqda va ularning umumiy maydoni 2.07 million gektarni tashkil etadi. Bundan tashqari tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan 86 ta o‘rmon xo‘jaligi bo‘lib, ularning maydoni 11,5 mln. gektarni tashkil etadi. Shuningdek, 83 ta mahalliy ahamiyatga ega muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mavjud. O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlash uchun atiga 13.5 mln. gektar maydon ajratilgan.
Muammoni hal qilish uchun qo‘riqxonalar tashkil qilish, ko‘paytirishga e’tiborni oshirish zarur. Amaliyot qo‘riqxonalari mavjud bo‘lgan davlatlarda bioxilma-xillik yaxshilanayotganini ko‘rsatayapti. Bu boradagi xalqaro tajribani o‘rganib, yurtimiz noyob tabiatini asrash maqsadida foydalanish o‘rinli bo‘lur edi.
X.MAVLONOV,
professor,
D.IMOMOVA,
dots.nt (JDPU).