DORI-DARMONLAR NЕGA QIMMAT?

Viloyat hokimligida joriy yilning 28 noyabr kuni Prezidentimiz rahbarligida farmatsevtika sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini tashkil etish yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shahar va tumanlar bilan videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, iqtisodiyot sohasi va tadbirkorlarning vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni boshqarib borgan viloyat hokimi Ergash Saliyev viloyatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar tegishli rahbarlarning aybi bilan samara bermayotganini, shu sababli dori-darmonlar narxi yuqori va bundan aholi norozi ekanligini ta’kidladi.

— Ochig‘ini aytganda, bugun viloyat aholisining farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talabi, uning qanchasi mahalliy va qancha qismini import hisobiga qoplash mumkinligi, dori-darmonlar sifati bo‘yicha na shu sohaga mas’ul rahbarlar va na sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlari qo‘lida aniq hisob-kitoblar yo‘q, -dedi viloyat rahbari. — Holbuki, aholi salomatligini ta’minlashda nafaqat sifatli tibbiy xizmatni tizimli tashkil etish, balki kasalliklar profilaktikasi va davolashda keng qo‘llaniladigan dori vositalari bilan ta’minlash eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari aholi salomatligini muhofaza qilish, bevosita xastaliklar profilaktikasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan infratuzilmalarni rivojlantirish, tibbiy madaniyat, aholi turmush sharoitini davr talabi darajasiga ko‘tarish maqsadlari uchun 2017-2023 yillar davomida viloyatimizga 6,1 trln. so‘m mablag‘ ajratdi. Shundan 419 mlrd. so‘mi tibbiy sohaga berildi. Jumladan, ajratilgan mablag‘ hisobidan 36 ta tibbiyot muassasalari binolari yangidan qurildi. 151 ta muassasalar binosi rekonstruksiya qilindi, 128 tasi mukammal ta’mirlandi.

Viloyat aholi yashash joylarida ichimlik suvi, oqava suv tarmoqlari o‘tkazish ham odamlar salomatligi bilan uzviy bog‘liq masalalar hisoblanadi. Shuning uchun bu sohani rivojlantirishga 1,1 trln so‘m ajratilib, 2 647 km ichimlik suvi tarmoqlari, 84 ta inshootlar yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 250 ming nafar fuqarolar birinchi marta tarmoqli ichimlik suvidan bahramand bo‘lishdi. 150 ta mahallada yashovchi 674 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Shuningdek, 143,2 km oqava suv tarmoqlari qurildi, 7 ta oqava suv inshootlari bunyod etildi.

Odamlar salomatligini muhofaza etish, farmatsevtika sohasini rivojlantirish va mavjud tabiiy imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha yechimini topmayotgan muammolar mavjud. Ammo viloyat hokimining shahar va tuman studiyalari bilan bo‘lgan ochiq muloqotidan bu tadbirga ular hech qanday tayyorgarliksiz kelganlari sezilib turdi. Hatto hokimlar ham umumiy gapdan nariga o‘tishmadi. Viloyat hokimi Do‘stlik tumanida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlab o‘tdi.

Asad MUSTAFOYEV

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan