Turmushda foydalanilib kelinayotgan yoqilg‘i mahsulotlari ichida tabiiy gazlar (metan, propan ) sizib chiqishi va havo bilan aralashma hosil qilib, portlashga moyilligi bilan ajralib turadi.
Gaz oqimining to‘satdan uzilishi va qayta ulanishi natijasida xona ichida gaz to‘planishi mumkin. Yonib turgan gaz anjomlarini qarovsiz qoldirish, gazni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi natijasida yong‘in sodir bo‘ladi.
Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz jihozlaridan, nosoz holatdagi dudburonlardan foydalanish, xonadon ichida ochiq olovni isitish maqsadida yoqib qo‘yish is gazidan zaharlanish, gaz-xavo aralashmasining chaqnashi natijasida jabrlanish, hattoki, o‘lim holatlarini yuzaga keltiradi.
Is gazi rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, o‘tin, ko‘mir cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi. Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma karboksigemoglobinni hosil qiladi. Oqibatda gemoglabinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa –anoksiyaga olib kelishi hamda inson shu tariqa hayotdan ko‘z yumishi mumkin.
Is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir,o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik sababli yuzaga kelmoqda.
Is gazidan zaxarlanishdan ogoh bo‘ling va xavfsizlik qoidalariga amal qilib, o‘zingiz va oilangiz xotirjamligini ta’minlang.
Shohbosbek IBROHIMOV
Otabek OXUNOV
Viloyat FVBning o‘rmon yong‘inlarini
bartaraf etishga ixtisoslashtirilgan
yong‘in-qutqaruv otryadi xodimlari