Aholi murojaatlarini o‘rganish, ularni qiynab kelayotgan masalalarga ijobiy yechim topishda joylarda o‘tkazilayotgan ommaviy qabullarning o‘rni katta ahamiyat kasb etmoqda. Eng asosiysi, qabullarda nafaqat shaxsiy, oilaviy, balki mahallalar infratuzilmasi bilan bog‘liq qator muammolar bartaraf etilib, fuqarolarning turmush sharoiti yaxshilanmoqda.
2023 yilning yakunlari bo‘yicha Do‘stlik tumanida jami 234 bor tuman sektor rahbarlarining aholi bilan sayyor qabuli o‘tkazildi. Sayyor qabullarda 1330 nafar fuqaroning 1384 ta masalasi o‘rganildi. 989 ta murojaat ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 167 ta murojaatga huquqiy, 23 tasiga esa asosli tushuntirishlar berildi. Fuqarolardan kelib tushgan 159 ta murojaat o‘rganish jarayonida, 32 tasi muddatli nazoratga olingan.
—Har bir murojaat nazoratga olingan, uning zamirida inson qadri, omili turibdi, —deydi Do‘stlik tuman xalq qabulxonasining yetakchi mutaxassisi Ergash Aliyev. —Hududimizda o‘tgan yilgi viloyat hokimining ommaviy qabulida qahramonlik Tursun Jo‘rayev ko‘zini xorijda operatsiya qildirish uchun, Navro‘z mahallasidan Nargiza Toshpo‘latov farzandi Temurbekni, chinobodlik Halim Idrisov otasining sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam so‘rab, viloyat rahbariga qilgan murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal etilgandi. Sayyor qabulda uchta oila vakillari viloyat hokimiga o‘shanda sevinch ko‘z yoshlari ila minnatdorchilik bildirishgandi.
O‘tgan shanba kuni “Manas” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi madaniyat markazida viloyat hokimining tuman aholisi bilan ommaviy qabuli bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov kirish so‘zi bilan ochib, Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamizda ilk bor 2018 yilda “Obod qishloq” davlat dasturi ijrosi amalga oshirilgan manzilda sayyor qabulning bejizga o‘tkazilmayotganligiga e’tiborni qaratdi.
Ommaviy qabulda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov so‘zga chiqib, tumanda o‘tgan yili amalga oshirilgan davlat dasturlari ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tumanda 2023 yilda 6 ta dastur doirasida 57 ta inshootda 127,2 mlrd. so‘mlik qurilish –ta’mirlash ishlari bajarildi. Jumladan,
Chinobod mahallasidagi 46 ta ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha inshootlari uchun 4 km. kanalizatsiya tarmog‘i va 1 ta oqova suv nasos stansiyasi qurildi. Mevazor, Manas mahallalarining elektr ta’minoti tizimi yaxshilandi. “Do‘stlik – Yangiyer” avtomobil yo‘lining Qahramon va Oltin vodiy mahallalaridan o‘tuvchi 17 km. qismi joriy ta’mirlandi. Navro‘z va Manas mahallalariga boruvchi avtomobil yo‘lidagi ko‘prik mukammal ta’mirlandi. “Manas” MFY hududidagi 5 ta ko‘chaga 4,6 km. asfalt qoplamasi yotqizildi.
“Xo‘jam Isroilov”, “Yangi taraqqiyot” va “Jizzax ostonasi” fermer xo‘jaliklari uyushmalari hududlarida yopiq va yotiq drenaj tarmoqlari qurildi. “Mingchinor” massividagi yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga ichimlik va oqova suv tizimlari barpo etildi. Alisher Navoiy, G‘ofur G‘ulom, Chinobod va Sanoatchilar mahallalari hududlarida 7 ta tik drenaj qudug‘i qurilib, 9 km. ichki kollektor tozalandi. Bog‘zor va Manas mahallasidagi yangi aholi xonadonlariga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.
“Mening yo‘lim” loyihasi doirasida Rahim Yesenqulov, Dehqonobod, Sumbula va Manas ko‘chalarida 2,3 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarildi.
2024 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga muvofiq tumandagi 9,18-umumta’lim maktablarini qurilish-ta’mirlash, Sarkisov, “Yangi taraqqiyot”, “Jizzax ostonasi” va “Istiqlol” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmalarida 14 km. yopiq –yotiq drenaj tarmog‘i barpo etish uchun respublika budjetidan 15 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.
“Manas” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib viloyat hokimining ommaviy qabulida 31 nafar fuqaroning 45 ta masalasi tinglandi. Murojaatlarni qonun doirasida belgilangan muddatlarda o‘rganib, ijobiy hal etish uchun viloyat hokimi o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga aniq vazifalar belgilab berildi.
Zoir ERGASHЕV.