Viloyat hokimi Yangiobod tumani aholisi bilan ommaviy qabul o‘tkazdi. “Yangiobod” SHFY hududidagi 19-son bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov kirish so‘zi bilan ochdi.
Yangiobod tumanida 2023 yilda 6 ta dastur doirasida 38 ta obyektda 46,2 mlrd. so‘mlik qurilish – ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur doirasida bunyodkorlik ishlari bajarilib, qator inshootlar foydalanishga topshirildi.
Jumladan, Do‘stlik, Yangiobod, Sarmich mahallalarida yashovchi aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 5,3 kilometr suv tarmog‘i tortilib, 3 ta suv qudug‘i, 3 ta suv minorasi qurildi. Namingon, Chakand qishloqlariga yo‘naltirilgan 23 kilometr gaz tarmog‘i qayta rekonstruksiya qilindi. Yangiobod, Balandchaqir, Xo‘jamushkent, Do‘stlik, Savot, Sarmich, Havotog‘, Shodlik mahallalari hududidan o‘tgan 28,8 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlanib, asfalt qoplamasi yotqizildi.
“Shodlik” yoshlar sanoat zonasiga elektr tarmog‘i tortilib, 630 kVA quvvatli transformator o‘rnatildi. Sovotda 60 o‘rinli maktab binosi qurilgan bo‘lsa, Do‘stlik va Jo‘langar qishloqlaridagi 10 va 2-umumta’lim maktablari binosi mukammal ta’mirlandi. Tuman tibbiyot birlashmasi qoshida yangi 50 o‘rinli poliklinika binosi barpo etildi.
“Ochiq budjet” dasturi doirasida “Sarmich” oilaviy shifokorlik punktigacha bo‘lgan yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi. 2-sonli maktabda yopiq turdagi bolalar o‘yingohi qurildi. Kasb-hunar maktabining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun 40 ta zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi. “Mening yo‘lim” loyihasi doirasida Soyguzar va Jo‘langar ko‘chalarida 1,6 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarildi. Joriy yilda Balandchaqir mahallasidan o‘tgan soyning o‘zanini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari uchun budjetdan 451 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
—O‘tgan yili tuman sektor rahbarlari tomonidan hududimizda 216 bor sayyor qabul o‘tkazildi, —deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangiobod tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Nurbek Karimov. —Fuqarolardan 616 ta murojaat qabul qilinib, 523 tasi ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar va masalalar bo‘yicha fuqarolarga huquqiy va asosli tushunchalar berildi.
Yangiobod tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy qabulda fuqarolarning murojaatlari 14 ta ishchi guruhlarga bo‘lingan holda viloyat hokimi, hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tuman korxona va tashkilotlarining rahbarlari tomonidan o‘rganib chiqildi. Sayyor qabulda murojaatchilarning turli mazmundagi masalasi tinglandi.
—Qirq yildan ortiq Sarmich, Xo‘jamushkent suv omborida beton quyuvchi bo‘lib ishladim,—deydi jo‘langarlik mehnat faxriysi Mustafoqul Sulaymonov. —Tumanimizda asl dehqonning avlodlari istiqomat qiladi. Dilafro‘z noki, uzumning 40 dan ortiq qadimiy navlari, toza asal shu zaminda yetishtiriladi. Kichik tumanimizdagi katta o‘zgarishlarga, obodliklarga guvoh bo‘lib turibmiz. Odamlarimiz, ayniqsa, yoshlar buni chuqur his qilishlari kerak. Bu bunyodkorliklar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Barchasi aholining turmush farovonligini oshirish, inson qadri uchun qilinayotgan ezgu ishlardir.
Ommaviy qabulda viloyat hokimi Ergash Saliyev tumanning bir guruh faollari, mehnat faxriylari bilan dildan suhbatlashdi. Joriy yilda viloyatimizda davlat dasturi doirasida bajariladigan ishlarga to‘xtaldi.
Yangiobod tumanida bo‘lib o‘tgan viloyat hokimining ommaviy qabulida 25 nafar fuqaroning 30 ta masalasi o‘rganildi. Aksariyat masalalar va muammolarga joyida yechim topilgan bo‘lsa, muddat talab etiladigan murojaatlarni qonun doirasida o‘rganib, ijobiy hal etish bo‘yicha viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat tashkilotlari rahbarlari hamda tumanlar hokimlariga vazifalar belgilab berildi.
Zoir ERGASHЕV.
(“Jizzax haqiqati”)