HAL QILUVCHI PALLALAR BOSHLANDI

Viloyat hokimligida ijroiya idora yig‘ilishini boshlar ekan, viloyat hokimi Ergash Saliyev dastlab kadrlar tarkibidagi o‘zgarishlar bilan tanishtirdi. Viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat investitsiya va hududiy savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Ibrohimjon Komilov tayinlandi. Mirzacho‘l tumani hokimi lavozimiga Botir Mirzakulov, Baxmal tumani hokimi lavozimiga Aziz Ergashev tayinlanganini e’lon qildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari soliq tushumlarini o‘z vaqtida undirish va budjetni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.

— Kontingent budjet daromadlari prognoz ko‘rsatkichlari Forish va Zomin tumanlarida bajarilmadi, -dedi Ergash Saliyev iqtisodiyotning bu muhim sohasidagi kamchiliklarga to‘xtalib. — Mahalliy budjetni shakllantirishda Zomin, G‘allaorol, Zarbdor, Mirzacho‘l, Paxtakor, Forish tumanlarida hatto prognoz ko‘rsatkichlari ham uddalanmadi.

Jizzax shahri, Arnasoy, Baxmal, Sharof Rashidov, Zafarobod, Yangiobod tumanlari budjetning har ikki turi bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini oshirib bajardi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i prognoz ko‘rsatkichlari ayrim hududlarda 200 foizga yetkazib bajarilgan bo‘lsa, Arnasoy, Sharof Rashidov, Zomin, Yangiobod tumanlari prognoz rejalarini bajarolmadi.

Ma’lumki, mamlakatimizda mahalla tizimida katta ijtimoiy islohot amalga oshirildi. Viloyatda Mahallalar uyushmasi boshqarmasi, shahar va tumanlarda tuzilmaning bo‘limlari tashkil etildi. Barcha shahar va tumanlar rahbarlariga mahallalar uyushmasi bo‘limlari uchun joy ajratish, zarur anjomlar, transport vositalari bilan ta’minlash vazifasi topshirilgan edi. Viloyat hokimi ushbu masalaga yana bir bor to‘xtalib, Arnasoy, Zafarobod, Yangiobod tumanlari va Jizzax shahrida topshiriqlar ijrosi nihoyasiga yetkazilmaganligini qayd etdi.

Aholini ish bilan ta’minlash, o‘zini-o‘zi band etishi uchun kreditlar ajratilmoqda, subsidiya asosida zarur uskunalar berilmoqda. Ammo ijtimoiy nafaqalar olayotgan oilalar soni kamaymayapti. Hozirgi davrda ijtimoiy nafaqa olayotgan oilalar soni 75000 tani tashkil etmoqda. Viloyat rahbari bu masalani mahallalar kesimida o‘rganib chiqib, oydinlik kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.

Joriy yilda viloyatning eksport salohiyatini ko‘tarish choralari ko‘rilmayapti. Yanvar-fevral oyida mahsulotlar eksporti darajasi 70,4 foizni tashkil etdi. Shundan sanoat mahsulotlari 75,1 foiz, meva-sabzavot eksporti 58,7 foizga bajarildi.

Viloyat hokimi yig‘ilishda IT sohasini hududlarda rivojlantirish va eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhokama o‘tkazdi. Ta’kidlandiki, davlatimiz rahbarining 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi  Farmonida  2024 yil 1 martdan boshlab «Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi» dasturi joriy etilishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu dastur doirasida mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan mahalla faollari ishtirokida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish, sertifikat olgan yoshlar to‘g‘risida ma’lumotlarni Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinishi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan maxsus axborot tizimiga kiritilgan yoshlarni IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yo‘naltirish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralari ko‘rilishi belgilandi. Bu vazifalarni bajarishga barcha darajadagi rahbarlar mas’ul.

Xorijiy investitsiya va kreditlarini o‘zlashtirish bo‘yicha ham ijobiy fikrlar bildirish qiyin. O‘tgan ikki oy yakunlari bo‘yicha investitsiya kiritish bo‘yicha rejani Do‘stlik tumani 212, Mirzacho‘l 107, Forish 112, Yangiobod 125, Jizzax shahri 111 foizga yetkazib bajardi.

Shuningdek, joriy yilning o‘tgan oylarida 4705 ta kichik biznes subyektlari tashkil etildi. Ammo Jizzax shahrida rejadagidan 14, Zafarobodda 6, Paxtakorda 4 ta kam tashkil qilindi.

Ijroiya idora yig‘ilishida sport federatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, ichimlik suvidan bo‘lgan qarzdorliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaatlar va ularni ijobiy hal etish hamda qishloq xo‘jaligiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Asad MUSTAFOYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan