“Obod va havfsiz mahalla” tamoyili asosida respublika mahallalarida havfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni munosib rag‘batlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy teleradiokompaniya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023 yil 28 avgustdagi qo‘shma qaroriga asosan “Namunali mahalla huquq-targ‘ibot maskanlari” to‘g‘risidagi nizomiga muvofiq viloyat miqyosida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.
Yunus Rajabiy nomidagi viloyat musiqali drama teatrida ushbu ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari Akmal Savurboyev mustaqillik yillarida ichki ishlar sohasida olib borilgan islohotlar, mahallalardagi huquq-tartibot maskanlaridagi ibratli ishlar, «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, yoshlar bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali yo‘lga qo‘ygan profilaktika ishlari xodimlarining faoliyati xususida gapirdi.
Mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlab, aholining og‘irini yengil qilayotgan, mavjud muammolarni bartaraf etayotgan, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan uchta namunali mahalla huquq-tartibot maskanlarining nomlari e’lon qilindi.
Do‘stlik tumanidagi “Saritepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 10-sonli mahalla huquq-tartibot maskani tanlovning viloyat bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Ushbu mahalla profilaktika katta inspektori, mayor Ilxom Shodmonov.
Tanlovning ikkinchi va uchinchi o‘rinlari Forish tumanidagi Xonbandi shahar fuqarolar yig‘ini hududidagi 11-sonli (mahalla profilaktika katta inspektori, mayor Oybek Urishev) va G‘allaorol tumanidagi Marjonbuloq shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidagi 13-sonli mahalla huquq-tartibot maskani (mahalla profilaktika katta inspektori, mayor Ziyodulla Xolmurodov) ga nasib etdi.
Mazkur tanlovda nafaqat mahalla huquq-tartibot maskanlari, balki unda xizmat olib borayotgan eng faol xodimlar, yaqindan ko‘mak berayotgan rahbarlar va jamoatchilik vakillari o‘ndan ortiq nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Akmal Savurboyev, viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov g‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alarni tantanali suratda topshirdilar. G‘oliblar ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etadi. Tanlov ishtirokchilariga viloyatimiz san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish qilindi.
Vasil ILYOSOV.