IJTIMOIY ShЕRIKLIK

2024 — “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikda ish olib borishi hamda jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tashkilotlarning samarali faoliyatini ta’minlamoqda.

Shu o‘rinda ijtimoiy sheriklik qanday tushuncha, degan savolning javobiga to‘xtalib o‘tsak. Bu – davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorlikdir.

O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga ko‘ra “Davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ijtimoiy sheriklik subyektlaridir”. Mazkur qonunning 5-moddasiga ko‘ra, ijtimoiy sheriklik qonunchilikka muvofiq ko‘plab sohalarda amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yoshlarga bilim berish, ularni ma’naviy-ahloqiy jihatdan tarbiyalash va kasbga yo‘naltirish vazifalari ko‘rsatilgan. Shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy tizimlarda to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, fan, ta’lim, axborotlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish ham e’tiborga olingan. Qolaversa, millatlararo totuvlik g‘oyalarini mustahkamlash, tarixiy-madaniy qadriyatlarni tiklash va saqlash, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish kabi hamkorliklar qo‘llab-quvvatlanishi belgilangan.
Bugungi kunda, ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizimlari takomillashib bormoqda. Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularni elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazish, fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati va tendensiyalarini kuzatib borish imkoniyatini beradigan elektron portal ishga tushirilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ijtimoiy sheriklik munosabatlari hamda dolzarb masalalarni hal etishda davlat organlari va NNTlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish ijobiy natijalarga erishishning muhim omili bo‘lib hisoblanmoqda.

Eldor JABBOROV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish
markazi viloyat bo‘linmasi mutaxassisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan