Savol: Yo‘qolgan kadastr pasportini qayta tiklash uchun nima qilish kerak?
Robiya Samariddinova,
Do‘stlik tumani.
Yo‘qolgan kadastr pasportini qayta tiklash uchun ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelgan holda murojaat etishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Agar siz o‘zingiz kelib murojaat etgan taqdiringizda, DXM xodimlari sizning nomingizdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etadilar va belgilangan shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil to‘ldiradilar. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, so‘rovnomaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinadi. Kadastr (yig‘ma jildi) pasporti yo‘qolganda(yaroqsiz holga kelganda), qog‘oz yoki plastik shaklda yangi kadastr pasporti ikki ish kuni mobaynida beriladi.
Do‘stlik tumani adliya bo‘limi DXM bo‘lim boshlig‘i Ravshan Raximov
Savol: «Litsenziya» axborot tizimidan qanday foydalansa bo‘ladi?
Mansur Baratov,
Do‘stlik tumani.
Javob: Litsenziya axborot tizimi orqali telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olish mumkin. Unga «Litsenziya» AT – (license.gov.uz) hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilinadi. Xizmatdan faqat yuridik shaxslar foydalana oladilar. Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori — 330 000 so‘m (BHMning bir baravari). Arizani ko‘rib chiqish muddati — 10 ish kuni etib belgilangan.
Eslatma: Litsenziyalashda Vazirlar Mahkamasining Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasi bilan kelishish lozim bo‘lgan hollarda 25 ish kuni.
Litsenziyaning amal qilish muddati: teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) tarmoqlaridan foydalanish va xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga beriladigan litsenziyaning amal qilish muddati–5 yil, ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlaridan foydalanish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyatiga beriladigan litsenziyaning amal qilish muddati –15 yil, litsenziyalanadigan faoliyatlarning qolgan turlariga litsenziya cheklanmagan muddatga beriladi.
Do‘stlik tumani adliya bo‘limi DXM mutaxassisi Muxlisa Normurotova