XATARLI YO‘L

Paxtakor tumani yashovchi G‘olib Tolipov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) 2019 yilning noyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Yaroslavl viloyati, Tutayev shahriga ishlash uchun boradi. Durustgina ishlab yurgan yigitning yurish-turishi birdaniga o‘zgarib qoldi. G‘olib kechalari uyali telefon orqali internetga kirib, turli diniy mazmundagi ma’ruzalar bilan tanishdi va hayot tarzini diniy talablar asosida o‘tkaza boshladi. Eng yomoni, bu yigit buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatuvchilarning ma’ruzalari ta’siriga tushib qoldi.

U O‘zbekiston Respublikasida faoliyati taqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi”, “O‘zbekiston Islom harakati”, “Iroq va Shom islom davlati” va boshqa xalqaro terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, ushbu tashkilotlarning Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi hududida “Xalifalik” davlati qurish to‘g‘risidagi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. So‘ngra ushbu xalqaro terrorchilik tashkilotlarining tarafdorlari “Abdulloh Zufar”, “Abu Saloh” va “Tohir Yo‘ldosh” va boshqalarning O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga da’vat qiluvchi, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’lumotlarini topish va tarqatish maqsadida Internet jahon axborot tarmog‘ining “Telegrarh” messenjerida “UzNashid”, “Tohir Yo‘ldosh”, “Abu Saloh” nomli virtiual kanallar ochadi.
Yigitcha shu mavzudagi audio, video va foto materiallarni “UzNashid” virtiual kanaliga “Asadulla Urganchiy”ning “Xor bo‘ladi”, muallifi noma’lum bo‘lgan “Mujohidlar”, “Alloh sherlari”, “Kofirlarni tizimiga” nomli 160 dan ortiq jihod qilishga da’vat qiluvchi materiallarni, “Tohir Yo‘ldosh” nomli kanalga muallifi Tohir Yo‘ldoshev bo‘lgan “Tohir Yo‘ldosh ummatga vasiyat”, “Tohir Yo‘ldosh ummatga nido”, “Jihod bayrog‘i” nomli va boshqa 44 donadan iborat audio va videomateriallarni, “Abu Saloh” nomli kanalga 72 dona Abu Saloh va boshqalar ijro qilgan “Abu Saloh Sizlarni jihoddan nima u…”, “Jihod ahkomlarini bilish” va shunga o‘xshash audio va videomateriallarni joylashtirib, kelgusida tarqatish maqsadida saqlab kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning sudga taqdim etgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, unga tegishli bo‘lgan “Telegrarh” messenjeridagi “UzNashid”, “Tohir Yo‘ldosh”, “Abu Saloh” nomli virtiual kanallardan olingan materiallar amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga xizmat qilishi, mazkur ma’lumotlar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallar sirasiga kirishligi, mazkur materiallarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bundan tashqari G‘olib o‘ziga tegishli bo‘lgan qora rangli, xotira sig‘imi 2 GB bo‘lgan mikro fleshkarta xotirasida O‘zbekiston Respublikasida faoliyati taqiqlangan “O‘zbekiston Islomiy Harakati” terrorchi tashkilotiga tegishli, turli aqidaparast oqimlar faoliyatiga nisbatan xayrixohlik kayfiyatini o‘yg‘otish mumkin bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan ma’lumotlarni saqlab kelgan.

Xayriyatki, yigitning yo‘lidan huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari chiqib qolishdi. Bo‘lmasa, bu yigit o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, ko‘pchilik yoshlarning fikrini buzishi aniq edi.

Sud hukmiga binoan G‘.Tolipov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-qismi va 244-prim 1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor topilib, unga 3 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bilimsizlik, kalta o‘ylashning oqibati endigina 24 yoshga to‘lgan G‘olib kabi sodda yigitlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmoqda. Na diniy, na dunyoviy ilmni mukammal bilmasdan turib, qanday qilib xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilotlarning g‘oyalariga ishonib qolayapti?! Biror kasbni egallash uchun bilim kerak. Namoz o‘qish uchun ham ilm o‘rganmoq zarur. “Jihod” so‘zining ma’nosini bilmasdan turib, qanday qilib u haqda gapirish, boshqalarni unga undash mumkin? Bugungi kunda Internet tarmoqlarida diniy-ekstremizm, aqidaparastlik, buzg‘unchilik, zo‘ravonlik va axloqsizlikni, “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib etayotganlarning aksariyati yoshlar ongini zaharlashga qaratilganini hamma biladi. Ayniqsa, ota-onalar farzandlaridan doimo xabardor bo‘lib turishlari shart. Xorijga ishga yuborishdan oldin yaxshi-yomonni ajratishga o‘rgatishlari kerak. Aql-farosatli odam xatarli yo‘lga qadam tashlamaydi. Kelajak avlodni buzg‘unchi g‘oyalar, axborot xurujlaridan, diniy-ekstremistik guruhlar ta’siridan asrash har birimizning burchimiz.

Maqola sud materiallari asosida tayyorlandi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan