ODIL SUDLOV SIFATINI OSHIRISH UCHUN

Jizzax viloyat sudida viloyat sudlari, Jizzax viloyat Ma’muriy sudi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda sudlarning 2023 yil davomidagi faoliyati va odil sudlovni amalga oshirish, sohadagi islohotlar haqida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma’lumotlar berildi hamda ishtirokchilar sudyalar va sudlardagi bo‘limlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbirda Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov mamlakatimizda sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi yangiliklar hamda o‘tgan yili viloyat sudlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi.Viloyat sudlari faoliyati haqida videolavha namoyish etildi.

Shundan so‘ng viloyat ma’muriy raisi Sarvarbek Raxmonov, Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Rahmatilla Orziqulov, Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov raisi Jamol Qahhorov, Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Nodir Rasulovning hisobotlari tinglandi.

Tadbir ishtirokchilari Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov boshchiligida sud majlisxonalarida sudyalar va sudda qatnashuvchilarga hamda fuqarolarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, sohani raqamlashtirish ishlari namunali tashkil etilganiga guvoh bo‘lishdi. Ya’ni, sudlarda bugungi kunda videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali sud majlisida ishtirok etish, sudlar tomonidan ko‘riladigan ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik taqsimlash, sud yakuniy xulosalarini internet tarmog‘ida jamoatchilik e’tiboriga havola etish hamda ijro hujjatlarini axborot texnologiya vositalaridan foydalanib elektron shaklda yuborish kabi mexanizmlar joriy etildi.

Soha vakillari fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga barham berish va fuqarolarning sud bilan tezkor bog‘lanishini ta’minlash maqsadida elektron arizalar qabul qilish bosqichlari, sud devonxonasi, sud statistikasi, arxiv, appelyatsiya va kassatsiya bo‘limlaridagi ish jarayonlari haqida ma’lumotlar berishdi va qatnashchilar xodimlarning ish faoliyatini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.Tadbir davomida viloyat sudlari rahbarlari qatnashchilarni qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob berishdi.

Vasil ILYOSOV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan