AVTOBUSLAR QACHON “ODAM BO‘LARKIN”?

“Jizzax haqiqati” gazetasining 2023 yil 17 iyun sonida “Avtobus bekati qayerda?” sarlavhali maqolam chop etilgach, meni viloyat teleradiokompaniyasiga tok-shouda ishtirok etishga taklif qilishdi. Unda avtobuslar qatnoviga mas’ul xodim ham ishtirok etdi, ammo unga bergan achchiq savolim javobsiz qolgani uchun ko‘rsatuvning o‘sha qismi kesib tashlangan edi…

Soha mas’ullari hech bo‘lmaganda haqiqiy ahvolni bilish uchun jamoat transportiga tez-tez chiqib turishlari lozim, nazarimda. Axir yaqindagina Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevnig shaxsan topshirig‘idan so‘ng transport vaziri ishga jamoat transportida qatnay boshladi-ku?!

…Bugun yana avtobusga mindim. Manzilim bor-yo‘g‘i to‘rt bekat, 2-3 km. masofa edi. Minganimga pushaymonlar yedim, chunki u har 10 metrda to‘xtar edi. Yo‘lovchilardan biri hamrohiga “Tushlikka uyga boraqolay deb avtobusga mingandim, vaqtim yo‘lda o‘tib ketdi” deyayotganini eshitib qoldim. Haydovchiga “Nega dam-badam to‘xtayverasiz?” deb so‘rasam, “Kerak bo‘lsa har qadamda to‘xtayman” degan qo‘pol javob oldim. (Ha, boshqachasini kutmagandim ham.) Piyoda yurganimda shu masofani o‘n daqiqada bosib o‘tgan bo‘lardim aslida.

Darsga kirishimdan oldin bu holat menga yaxshigina bosim o‘tkazdi. Axir shahar transporti uzoqni yaqin qiladigan vosita emasmi yoki shahar bo‘ylab sayr qildirish degan vazifasi ham bormi? Navbatdagi maqolam orqali sohaga mas’ul insonlardan jamoat transporti harakatini tartibga solish ishlariga befarq bo‘lmaslikni so‘rab qolaman. Jamoat transporti me’yorida ishlasa, odamlarning shaxsiy avtoulovga ehtiyoji, havasi biroz kamayadi. Masalaning ekologik jihatlarini aytmay qo‘ya qolay. Avtobus foydalanuvchilariga sabr-toqat tilashdan boshqa ilg‘orroq yechimlar topilishiga umid qilib

Bahriddin O‘RALOV,
JDPU o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan