Ogohlik – davr talabi
Moliyaviy firibgarlik mavzusidagi navbatdagi maqola o‘zgalar mablag‘iga ko‘z tikkan yana bir firibgarlik turi – “Nigeriya maktublari”ga bag‘ishlanadi.
Bunday xatlarni olishga ulgurmagan bo‘lsangiz, ehtimol, ular haqida eshitgan chiqarsiz. Firibgarlik xatlarining ommaviy tarqalishi Nigeriyadan, o‘tgan asrning 80-yillarida boshlangan. O‘sha paytda bunday xatlar oddiy pochta, ba’zan faks orqali yuborilgan. Ularda “noloyiq” Nigeriya shahzodasining maktubida mamlakatdan qochish uchun ma’lum miqdorda qarz berish so‘ralgan. Emishki, shahzoda Shveysariya banklarida juda katta miqdorda mablag‘ga ega bo‘lib, unga faqat noma’lum odamlardan olingan pul yordamida erishish mumkin va “mablag‘” olingach, ko‘rsatilgan yordam evaziga shahzoda pulni o‘n baravar qaytarishga qasam ichadi.
Aqli raso odamning bunday cho‘pchaklarga ishonmasligi aniq, ammo ishontirish uslublari shu qadar tabiiyki, pulni tortib olishning bu usuli paydo bo‘lganidan beri egalariga katta foyda keltirgan. Firibgarlar «ish» syujeti va qahramonlarini o‘zgartirib borishgan. Nigeriyadan tashqari boshqa Afrika mamlakatlarida ham uning tarmoqlari paydo bo‘ldi. Xabarlar sekin-asta Qirollik oilalari a’zolaridan tashqari ishbilarmonlar, bank xodimlari, siyosatchilar va boshqalar nomidan yuborila boshlangan. Biroq, mohiyat o‘zgarmadi – fuqarolar ishonchiga kirib, ularning pulini o‘marish.
Internet paydo bo‘lgach ushbu turdagi firibgarlik boshqa mamlakatlarga katta tezlikda kirib keldi va butun dunyoda mustahkam o‘rnashdi. Qizig‘i shuki, 2005 yilda “Nigeriya maktublari”ning qahramonlariga aql bovar qilmaydigan syujetlari uchun Shnobel mukofoti berilgan. Bu nufuzli xalqaro mukofot bo‘lib, Nobel mukofotining parodiyasidir. Shnobel mukofoti 1991 yildan beri har yili ilmiy tadqiqotlarda g‘alati yoxud ahamiyatsiz kashfiyot qilganlarga hazil tariqasida beriladi.
Maktublarning yana bir keng tarqalgan nomi » SCAM 419″ bo‘lib, buning sababi Nigeriya qonunchiligiga muvofiq, firibgarlik harakatlari uchun 419-modda bo‘yicha javobgarlik ko‘zda tutilgan. Scam ingliz tilidan tarjima qilinganida “firibgarlik” degan ma’noni anglatadi. Bizning qonunchiligimizda esa bu holat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga to‘g‘ri keladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishga eng moslashuvchan kishilar firibgarlar ekan. Odamlarning qaysi sohalarda aldanishga ko‘proq moyilligini o‘rganilib, xatlar keyinchalik quyidagi mazmun kasb etgan:
1 . Lotereyada yutib olish. Qabul qiluvchiga sovrinni qo‘lga kiritganligi to‘g‘risida xat keladi. Uni olish uchun sug‘urta yoki soliqni oldindan to‘lash kerak. «G‘olib» quvonch bilan xabarda ko‘rsatilgan hisob raqamiga pul kiritadi va … tanlovning «tashkilotchisi» bilan aloqa shu zahoti yo‘qoladi.
2. «Notarius» yoki «advokat»dan mavjud bo‘lmagan uzoq qarindoshining o‘limi to‘g‘risida xabar beruvchi va vasiyat qiluvchidan pul o‘tkazish uchun bank hisob raqamlariga kirishni so‘ragan xatlar. “Merosxo‘rlar” hech qanday qarindosh yo‘qligini hisobvaraqlardan pul yo‘qolganidan keyin bilib olishadi.
3. «Sevgi» xatlari. Ushbu usul o‘z hayot romaniga qahramonlik qilishni istaydigan, romantik, mehribon va oqko‘ngil odamlar uchun mo‘ljallangan. Tanishuv saytidan ma’lumot olgandan so‘ng, firibgarlar ko‘pincha romantik xatlar yozadilar, sevgi bilan qasam ichadilar, kutishga ishontiradilar. Ammo uchrashuv uchun doim nimadir xalaqit beradi. Yoki yaqin qarindoshi og‘ir kasal bo‘lib qoladi. Davolanish uchun yoki viza, parvoz va hokazolar uchun yetarli pul yo‘q. Yozishmalar juda uzoq vaqt davom etishi mumkin. Natijada sevgilisi yoki dildosh do‘stiga aylangan kishisining qiyinchiliklariga hamdard bo‘lgan jabrlanuvchi uning hisobraqamiga pul o‘tkazishga qaror qiladi. Va “sevgilisi”ni butun umrga yo‘qotadi
4. Tekshiruvlarsiz, kafillarsiz, garovsiz kredit takliflari. Xizmat uchun odatda bank xarajatlarini to‘lash so‘raladi. Qoida tariqasida, ushbu operatsiyadan so‘ng aloqa yo‘qoladi
5. Chet elda katta daromadli ish taklif qilish. Siz yashash xarajatlarini oldindan to‘lashingiz va ishlash uchun ruxsat olishingiz kerak. An’anaga ko‘ra, pul o‘tkazilishi bilanoq “aloqalar” to‘xtaydi.
Bu mazmundagi maktub belgilariga katta miqdordagi mablag‘ni olish va’dalari hamda fidoyilarcha xizmat ko‘rsatish xosdir. Shaxsiy ma’lumotlar: to‘liq ismdan tortib bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, PIN-kod ma’lumotlari so‘ralishi, hamma yozishmalarning qat’iy maxfiy bo‘lishi, ko‘plab imlo xatolarga ega matnlar yoki boshqa tilda yozilgan bo‘lishi firibgarlik maktublarining yaqqol ko‘rinib turgan belgilaridir.
Qanday qilib firibgarlar panjasiga tushmaslik mumkin? Elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntingizga shunday mazmundagi xatlar keladigan bo‘lsa, (to‘satdan keladigan boylik haqidagi ertaklar ertak bo‘lib qolsin) eng avvalo, shoshib qolmang. Har qanday holatda ham shaxsiy ma’lumotlaringizni, undan ham ko‘proq bank hisobvarag‘i ma’lumotlarini bermang. Hatto qiziqish sabab javob beradigan manzillar firibgarlar bazasiga tushadi. Muloqotni to‘xtatsangiz ham boshqa spamerlar sizni ta’qib qilishni boshlashadi, ular siz haqingizda «hamkasblaridan»ma’lumot olishgan. Bunday holatlarning oshkor etilishi ehtimoli deyarli nolga teng. Shuning uchun, bunday xatni ochishdan va javob yo‘llashdan oldin o‘ylab ko‘ring.
“Mening ismim Bakare Tunde, men birinchi nigeriyalik kosmonavt Nigeriya havo kuchlarining mayori Abak Tundening ukasiman. Mening akam Sovet Ittifoqining “Salyut-1979” stansiyasiga maxfiy topshiriq bilan borgan birinchi afrikalik kosmonavt bo‘ldi. Keyinchalik u Soyuz T-16 maxfiy kosmik stansiyasida parvozda ishtirok etdi. 1990 yilda, SSSR parchalanganida u kosmik stansiyada edi. Ekipajning rossiyalik barcha a’zolari yerga qaytishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo kosmik kemada akamga yetarli joy yo‘q edi. O‘shandan beri va bugungi kungacha u orbitada qolishga majbur. Noyob Progress yuk kemalari uni kerakli ozuqa va materiallar bilan ta’minlaydi. Kosmosda uzoq muddat qolishga qaramay, akam aqlini yo‘qotgani yo‘q – u faqatgina vatani Nigeriyaga qaytishni orzu qiladi. Kosmosda o‘tkazgan yillar davomida uning maoshi 15 000 000 AQSH dollarini tashkil etdi. Ayni paytda bu mablag‘ Lagosdagi bankda saqlanmoqda. Agar biz bu mablag‘ni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lsak, “Roskosmos”ga kerakli miqdorni to‘lashimiz va akam uchun yerga parvozni tashkil qilishimiz mumkin. “Roskosmos” tomonidan so‘ralgan miqdor 3 000 000 AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu summani olish uchun Sizning yordamingizga muhtojmiz, chunki biz, Nigeriya davlat xizmatchilariga, chet el hisob operatsiyalari bilan bog‘liq barcha operatsiyalar taqiqlangan. Sizga cheksiz hurmat bilan,
doktor Bakare Tunde, kosmonavtika bo‘yicha yetakchi mutaxassis”.
Shunga o‘xshash ko‘plab bema’ni syujetlar, to‘qimalarni fosh qilish uchun ozgina mediasavodxonlik, bilim, ogohlik kerak bo‘ladi. Unutmangki, osmondan pishloq tushmaydi. Oson pul topish ishtiyoqingizdan firibgarlar ustalik bilan foydalanishlari mumkinligini “Nigeriya maktublari” misolida ko‘rish mumkin.
Sanjar NORBЕKOV.