VATANPAVARLIK OYLIGI DAVOM ETMOQDA

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishiga asosan mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi” davom etmoqda.

Shu munosabat bilan xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda aholi o‘rtasida milliy armiyamizdan g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada oshirish maqsadida viloyatimizdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilarining qishki ta’til kunlarida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Paxtakor tumanida Jizzax garnizoni “N» harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda tuman mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida “Xalq va armiya bir tanu bir jondir!” shiori ostida Vatanparvarlik festivali uyushtirildi.

Festival doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun faxriy qorovulning saf elementlari, qo‘l jangi ustalarining jangovar chiqishlari hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ertamiz egalariga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Yoshlar bilan uchrashuvlarda viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi va garnizon faxriylar kengashi mas’ullari milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib berdilar.

Viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida Vatanparvarlik oyligi tadbirlari davom etmoqda.

V.G‘AYBULLAYEV.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan