Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.
Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda.
Sh.M.Mirziyoyev
Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z mustaqil dunyoqarashiga ega, yon-atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga daxldorlik hissi bilan yondashuvchi, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yoshlarni tarbiyalash ustuvor vazifa sanaladi. Davlatimiz bu borada yoshlarning kelajagi uchun mas’ullikni o‘z zimmasiga olib, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurishda yoshlarimizning ertangi kuni uchun vorislik masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu boisdan bugungi kunda bandlikni ta’minlash, hududlardagi uyushmagan yoshlar bilan muntazam shug‘ullanish masalalari barchamizning diqqat e’tiborimizda bo‘lmog‘i zarur.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2024 yilga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilganligini yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning izchil davomi sifatida anglamog‘imiz lozim. Zero, ular davlat va jamiyatning hal qiluvchi kuchi hisoblanadi.
Yakuniga yetgan 2023 yil yurtimiz hayotida siyosiy voqealarga boy tafsilotlari bilan tarix zarvaraqlarida muhrlanib qoldi. Mamlakatimizning barcha go‘shalari ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylandi. Raqamlashtirilgan zamonaviy sanoat korxonalari, transport, logistika va infratuzilma obyektlari, ijtimoiy sohalar, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar, madaniyat va sport obyektlari qad rostladi. Aholining ish bilan bandligi masalasi ustuvor darajaga ko‘tarilib, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratildi, xalqimizning yashash sharoitlari o‘zgardi.
Bugungi kunda biznessiz zamonaviy iqtisodiyotni tasavvur etib bo‘lmaydi. Yurtimizda yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, intilish va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, shu bilan birgalikda bandligi va o‘z tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘yishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘z biznesini boshlash istagida yurgan qanchadan-qancha yoshlarga amaliy yordam, keng imkoniyatlar yaratib berildi. Respublikamizdagi barcha mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
Har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlar mamlakat tayanchiga aylanadi. Xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgan. Jumladan, asosiy qomusimizning alohida bir bobi oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani yurtimizda ularning huquqlari, manfaatlarini himoya qilishga qanchalik e’tibor qaratilayotganinining yaqqol isbotidir.
Shuningdek, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini himoya qilishini ta’minlashi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashi hamda biznesni rivojlantirish bo‘yicha alohida normalar belgilab qo‘yilgan.
Yoshlar masalasidagi oldimizga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarish orqali biz islohotlar samaradorligi natijasini har bir yoshning hayotida ko‘rsatishimiz mumkin bo‘ladi. Yoshlar qaysi sohada bo‘lmasin, zamonaviy bilimlarni egallashga, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishga, eng ilg‘or texnika va texnologiyalarni jilovlashga bel bog‘lashar ekan, “Biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz…!” shioriga tayanib ish ko‘rishi ayni muddao. Zero ularga bildirilayotgan ishonch, keng qamrovli yuksak e’tibor zamirida munosib harakat qilish mas’uliyati davlat va nodavlat tashkilotlarini birdek faollikka undamoqda.
Nazifa KAMALOVA,
O‘zNNTMA Jizzax viloyati
hududiy bo‘linmasining rahbari.