2023 yilning 21 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoni e’lon qilindi. 2023 yilning 22 dekabrida davlatimiz rahbari respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davrimizning dolzarb muammolari haqida so‘zlab, mahallalarda ma’naviyatni ustuvor qilishning ahamiyati har qachongidan muhim ekanligini ta’kidladi.
Yig‘ilishida Prezidentimiz 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu borada alohida ta’kidlangan va mahalla tizimiga ham daxldor bo‘lgan bu ustuvor vazifalarni har bir mahalla raisi o‘z jamoasiga, mahalla faollariga, ko‘chaboshi va uyboshilarga yetkazishi, ular tomonidan aholi o‘rtasida keng targ‘ibot qilishlari lozim bo‘ladi. Davlatimiz rahbari “Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, deya ta’kidladilar. Haqiqatan ham mahalla raislari xalqning oldi, eng ma’naviyatli, eng ma’rifatli, ziyolisi hisoblanadi. Rais gap-so‘zi, yurish-turishi, oilasi, hamma jihatdan aholiga ibrat bo‘lishi, uning so‘zi bilan qilayotgan ishi bir bo‘lishi kerak.
Yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, mahallalar kengashida jamoatchilik komissiyalari raislari, ko‘chaboshilar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari ishtirokida quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
viloyatimizdagi barcha mahalla raislari va faollarining mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ish uslubini tubdan o‘zgartirish, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari, ma’naviyati va ma’rifatini yuksaltirish mahallalar yettiligining kundalik ustuvor vazifasi bo‘lishi shart.
-mahallada istiqomat qilayotgan ziyolilar, nuroniylar, haj va umra ziyoratlariga borib kelgan har bir mahalladoshimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi zarur. Ularning ro‘yxatlarini shakllantirib, mahallalarda “ma’naviyatchilar jamoasi”ni tashkillashtirish va ularni ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish maqsadga muvofiqdir.
-mahallalarda boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan oilalar va fuqarolar bilan tushuntirish, bunday yashash tarzi o‘ziga “dushman” ekanligini ongiga singdirish va ularni faollikka chorlashda “ma’naviyatchilar jamoasi”ni ma’naviy merosimiz bilan qurollantirishimiz lozim.
-mahalla faollari, targ‘ibotchilar aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, yakka tartibdagi suhbatlarda milliy qadriyatlarimizni, tug‘ilib o‘sgan jonajon Vatanini sevish, o‘zaro hurmat, bir-biriga yordam, halollik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarni ular ongiga singdirish, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan, chetdan, hatto, mamlakatimizning o‘zida ham diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undash holatlari haqida mantiqiy misollar bilan tushuntirish zarur.
Bunday paytda, har bir oila ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirishi, farzandlarining tarbiyasi izdan chiqib, jaholat g‘oyalarining ta’siriga tushib qolmasliklari chorasini ko‘rish joiz.
Zero davlatimiz rahbarining “Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart”, “Barchamiz aholi, ayniqsa, yoshlar ongini o‘zgartirish uchun bel bog‘lashimiz zarur, qalbi va ongi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazishimiz lozim”, degan chaqiriqlari barchamizga, har bir mahalla faollariga ham taalluqlidir. Ushbu murojaatni mahallamizdagi har bir oilaga, fuqaroga yetkazishimiz va mahalla idorasiga katta harflar bilan yozib qo‘yishimiz zarur.
Mahalla raislari va faollarining har birini, har bir ota-onani “Bugun farzandlarim qanday kitob o‘qidi? Ularning xayolidan nima kechmoqda? Bo‘sh vaqtida nimalar bilan mashg‘ul?”, degan savollar o‘ylantirishi kerak. Mahalla azaldan tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, tarbiya maskani bo‘lib kelgan. Farzandlarimiz bolaligidan go‘zal xulqli, madaniyatli bo‘lib yetishuvida kitob o‘qishning ahamiyatini ota-onalar, oilaning katta yoshli a’zolariga yetkazishimiz lozim. Bunda ona tiliga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim, farzandlarimiz davlat tilini bilishi, ona tilida yozilgan asarlarni o‘qishi, unda so‘zlashishi, fikrlashi va bundan g‘ururlanishi kerak.
Ma’lumki, keyingi yillarda haj, umra ziyoratlariga keng yo‘l ochib qo‘yildi. Minglab yurtdoshlarimiz shunday qutlug‘ ziyoratlarga borib kelayotganiga hammamiz guvohmiz. Davlatimiz rahbari hajga, umraga borib kelgan har bir yurtdoshimizning ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak, degan fikrdalar. Afsuski, hurmatli hojilar hamma vaqt ham boshqalarga ibrat namunasi bo‘lishmayapti. Ziyorat bahona o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, manmanlikka berilish kabi musulmonga yarashmaydigan xunuk holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bular albatta barchamizni o‘ylantirishi kerak. Mahalla raislari bunday holatlarga ko‘z yummasligi, loqayd bo‘lmasligi, manmanlik, dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuch va imkoniyatni ishga solishi lozim.
Davlatimiz rahbari Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi tadbirkor Qobiljon Obidovning o‘z mahallasi uchun uch qavatli bino qurib, 50 mingdan ortiq bosma va 300 mingta elektron kitob fondiga ega kutubxona tashkil etgani haqida to‘lqinlanib so‘zladi. Viloyatimizda ham bunday tashabbuskor kitobsevarlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Agar biz tadbirkorlarimiz va fermerlarimizga tushuntirsak va ularni ruhlantirsak, har bir mahallada kutubxona tashkil etish mumkin. Chunki kitob insonga hayot yo‘lida ajralmas hamroh, qiyin vaziyatda muammoni hal etish yo‘lini ko‘rsatadigan vafodor do‘stdir.
Har bir mahallada yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lganlar orasida milliy san’atimiz – maqomga qiziqadiganlar, cholg‘u asboblarini chalish qo‘lidan keladiganlar ko‘plab topiladi.
Ularning iste’dodi va iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, mahallamizda o‘tkaziladigan har bir tadbirga ularni jalb etish maqsadida mahallalarning “Maqom ansambli”, “Folklor-etnografik dastasi”ni tashkil etish joiz. Bu borada viloyat Madaniyat boshqarmasi va shahar va tumanlardagi madaniyat muassasalari o‘z yordamlarini ayamaydi deb o‘ylayman.
Prezidentimizning “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmonida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari belgilab berildi. Ular bilan tanishib chiqsangiz, har bir band ma’naviyatni yuksaltirish bilan uyg‘unlashib ketganiga ishonch hosil qilasiz. Demak, mahallaning har bir faoli o‘z vazifalarini ko‘ngildagiday bajarsa, mahallada ma’naviyat ustuvor bo‘ladi.
Iqboloy UMAROVA,
viloyat Ma’naviyat va
ma’rifat markazining rahbari.