O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilning 11 sentyabrida qabul qilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik»ka aylantirishga alohida e’tibor qaratildi.
2023 yilda mahallalarning infratuzilmasini rivojlantirish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida asrlarga tatigulik ishlar bajarildi. Mahallalarning obod, toza va yashil hududlarga aylanib boshlaganidan birinchi galda u yerda yashayotgan odamlar mamnun. Chunki mahallalarga obodlik bilan madaniyat ham kirib keldi. Bir vaqtlar kechalari zimiston bo‘lgan ko‘chalarga yorigichlar o‘rnatildi, piyodalar uchun yo‘laklar qurildi.
Masalan, Sharof Rashidov tumanidagi “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida ish boshlangan “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yillar davomida muammo va yechimsiz masalalar yig‘ilib boraverdi. Mahalla hududida bitta maktabni hisobga olmaganda boshqa davlat idoralari, muassasalari yo‘q. Balki shuning uchun ushbu mahalla e’tibordan chetda qolgandir.
Lekin 2023 yilda obodonlashtirish shabadalari “Yangi hayot”ga ham kirib keldi. Davlatimiz rahbarining mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 408-sonli qarori asosida mahalladagi 10 ta ko‘chadan uchtasiga asfalt yotqizildi, ikkitasi shag‘allashtirildi. Ko‘chalarga hashar yo‘li bilan yoritgichlar o‘rnatildi.
Hamma ishlar o‘z maromida davom etardi-yu, lekin go‘yo samarasi ko‘rinmayotganday edi. Xuddi Ivan Krilovning masaliday:
Bir kuni Toshbaqa, Baliq, O‘rdak,
Qildilar maslahat uchi birdak,
Dedilar: Biz arobakash bo‘lamiz,
Tortarmiz arobani va yo o‘lamiz.
Aravani o‘rdak osmonga, baliq suvga, toshbaqa esa quruqlik sari torta boshladi. Ammo arava joyidan qimirlamasdi. Mahalla raisi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori faoliyatini muvofiqlashtirishi lozim edi. Ammo aniq vakolatga ega emasligi, “Mahalla beshligi”ning har biri beshta tashkilotdan maosh olishi gohida masalda bayon etilganday natijani ko‘rsatardi.
Muvaffaqiyatning otasi ko‘p bo‘ladi, deganlaridek qandaydir yutuqqa erishilsa, “beshlik”dagi xodimlarning hammasi bu haqda hisobotlariga kiritishga, kamchiliklar haqida gapirmaslikka harakat qilishga o‘rganib qolishdi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bunday boshboshdoqlikka barham berdi. Farmonda mahalla raisining barcha faollarga rahbarlik qilishi, ish hamda vazifalar hamjihatlikda bajarilishi belgilab berildi.
Biz “Yangi hayot” mahallasiga borganimizda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida bajarilayotgan vazifalar natijasi, qilinadigan ishlar rejalari muhokama qilinadigan shtabdagi ish qizg‘in edi. Xotin-qizlar faoli Gulnora Isomxonova barcha faollar fuqarolar yig‘ini binosi qurilishida ekanligini aytdi.
Yomg‘ir yog‘ib o‘tganiga qaramay mahalla ahli hashar tashkil etgan ekan, kimdir daraxtlarni kallaklab shakl bermoqda, ayollar esa yo‘llarni supurib tozalamoqda.
“Yangi hayot” ham o‘z idorasiga ega bo‘lmagan mahallalardan biri hisoblanardi. Qurilishda ham ish qizg‘in, ustalar binoning poydevorini ko‘tarishayotgan ekan.
— Tuman hokimining yordami bilan ishni boshlab yubordik. Mahallamiz ustalari ham qarab turishgani yo‘q, nasib qilsa biz ham o‘z idoramizga ega bo‘lamiz,- deydi mahalla raisi Sodiq Qurbonov.
Raisning gapiga qaraganda mahallada tez-tez hasharlar tashkil etilar ekan. Ularga oqsoqollar bosh, yoshlar yonbosh bo‘lib ancha xayrli ishlarni bajarib qo‘yishibdi.
Darhaqiqat, mahalla yonidan “Jizzax – Mirzacho‘l” avtomobil yo‘li yoqasiga ekilgan daraxtlarga bejirim shakl berilgan, bog‘bon qo‘li tekkanligi sezilib turibdi, tanasining past qismi oqlab qo‘yilibdi. Ko‘chalar ham toza, har bir xonadon sohibi o‘z hovlisi atrofini tozaligiga mas’ul. 2023 yilda mahalla hududiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 3100 tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, ular parvarishi bo‘yicha mas’ullar belgilandi.
— Mahallamizda yolg‘iz qariyalar, yoshi ulug‘ insonlar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar bor. Hovli va xonadonlarni ta’mirlash boshlanganida ularning hovlilarini hashar qilib tozaladik. Uylarini ta’mirlab, hovlisini gul, ko‘katlar ekishga tayyorlab qo‘ydik, -deydi hokim yordamchisi Mirjahon Xursandov.
Ayni paytda mahallada 1000 metr masofaga ichimlik suvi quvurlari yotqizilmoqda. Beshta ko‘chani asfalt qilish rejasi belgilangan. 1,6 km. tabiiy gaz tarmog‘i tortilibdi.
Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari mavjud. Tomorqadan samarali foydalanish hisobiga, o‘zini-o‘zi band qilish, kichik biznes subyektlari ochish ham mumkin.
— Mahallada 651 ta xonadon bor, ularning 95 foizi chorvachilik bilan shug‘ullanadi, -deydi hokim yordamchisi. — Lekin odamlar hovlisiga issiqxona qurib qo‘shimcha daromad olishni ham o‘rganishmoqda. Biz ularga qo‘limizdan kelgancha yordam berayapmiz.
Mahalla oqsoqollaridan biri Baxtiyor Mamanov hovlisida 1,5 sotix yerga issiqxona qurib, ko‘kat yetishtirmoqda. Uning turmush o‘rtog‘i Gulnora opa bosh bo‘lib, kelinlari va nabiralari bilan ekinlarni parvarish qilishmoqda. Ko‘katlar uzishga tayyor bo‘lishi bilan bog‘-bog‘ qilib, Paxtakor shahar bozoriga yetkazib berishmoqda.
Shoyimardon aka Qarshiboyev esa haqiqiy dehqon, hovlisidagi issiqxonaga doim bodring ekadi. Bahor boshlanishi bilan dalaga chiqib ketadi, daladan yer olgan. U yerga kuzda g‘alla ekib qo‘yibdi. G‘allani o‘rib olishi bilan, yerni oraliq ekinlari uchun tayyorlaydi.
— To‘kinlik, qut-barakaning otasi mehnat bo‘ladi, -deydi Shoyimardon aka. — Daladan olayotgan g‘allamiz yordamchi xo‘jaligimizdagi chorvaga ozuqa, keyingi ekinlar hosilini kuzda bozorga chiqaramiz. Nasib qilsa yo‘l yoqasidan do‘kon qurishni ko‘zlab turibman. Yangi uzilgan bodring, sabzavotlarning xaridori ko‘p bo‘ladi.
Ayni paytda mahallada hovlisiga issiqxona qurganlar soni 22 taga yetibdi. Odamlar yildan yilga farovon hayot kechirishga intilmoqda. Eng asosiysi ularda ertangi kunga ishonch paydo bo‘ldi. “Yangi hayot” mahallasi ham shu tariqa o‘z nomiga yarasha yangilanib boraveradi.
Asad MUSTAFOYEV.