ZARBDORGA YARASHMAGAN KUTUBXONA

“Kitob o‘qigan, o‘zini ustida ishlagan odamda qanot bo‘ladi. U befarq bo‘lmaydi. Uning kuchi bilimida bo‘ladi. Shuning uchun hech kimni pisand qilmaydi. “Kattalar”ga xushomad qilmaydi. Uning bilimi bor, ilmi bor. Mana nima uchun kitob o‘qinglar deymiz. Kitob o‘qisangiz savol berishni bilasiz”.

Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Keyingi yetti yil mobaynida amalga oshirilgan ishlarni ko‘rib, hayratlanmaslikning iloji yo‘q. Shahar va mahallalar qiyofasi butunlay o‘zgarib ketdi. Zarbdor tumani markaziga kirib borar ekanmiz shu gaplar xayolimizdan o‘tdi. Haqiqatan ham yo‘l yoqasidagi go‘zal restoranlar, qahvaxona va choyxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ularning savlatini ko‘rib, shoxobcha deyishga tilingiz bormaydi. Markaziy ko‘chada qo‘r to‘kib turgan tuman hokimligi, ma’muriy idoralar, narigi ko‘chadagi ko‘p qavatli turar-joy binolari, ularning mohabatiga tikilsangiz boshingizdagi do‘ppingiz tushib ketadi.

Gapning ochig‘i biz Zarbdorga chiroyli binolarni tomosha qilishga bormagandik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yilning 22 dekabr kuni respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tganligidan xabaringiz bor. Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Qolaversa, yig‘ilishda jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanishi, ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytirilishi,nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod bo‘lishi e’lon qilindi. Internet adabiyotini rivojlantirish ham muhimligi ta’kidlanib, shu maqsadda adabiyot, kino, tarix, san’at, folklor namunalarini qamrab olgan «O‘zbek madaniyati» portalini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Jumladan, viloyat hokimligida o‘tgan ijroiya idora yig‘ilishini viloyat hokimi ma’naviyat va ma’rifat mavzusi bilan ochib, sohani rivojlantirish yo‘lidagi dorlzarb vazifalarni belgilab berdi.

Ma’naviyat ham, ma’rifat ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Inson qalbi, ongining bu ikki marvaridi kitob o‘qish orqali yaraladi. Kitoblar qalbimizni ilitadi, ko‘nglimizni yoritadi, baxtli va saodatli, nurli kunlarga boshlaydi. Dunyoni faqatgina ilm bilan zabt etish mumkin ekanligini anglaymiz. Ilmni mustahkam egallashning yo‘li esa bitta, ya’ni – kitob o‘qish.

Zero, yaxshi kitob insonning ko‘ngil ko‘zgusini poklaydi, eng asosiysi, odamlarni tushunishga, kechirishga, ezulik sari intilib yashashga undaydi. Shuning uchun xalqimiz azaldan ilm-ma’rifatga oshufta bo‘lgan, kitob o‘qishga qattiq muhabbat qo‘ygan. Yurtimizdan dong‘i dunyoni tutgan ulug‘ olimlar, allomalar va mutafakkirlarning ko‘plab chiqqani ham bejiz emas. Ilmli ziyolilar u yoqda tursin, oddiy hunarmand kosib yoki dehqonning xonadonida uzun qish kechalari oilaviy kitobxonliklar bo‘lgan, savodxon kishilar oila a’zolariga turli diniy, ilmiy kitoblarni o‘qib bergan. Matbaachilik rivojlanmagani, kitoblar xattotlar tomonidan qo‘lda ko‘chirilganiga qaramay, ota-bobolarimiz hamisha kitobga intilgan, kitobni ardoqlagan, o‘qiganlarini boshqalarga yoygan. Biz shunday ilm-fan vatanining farzandlari ekanimizdan faxrlanishga haqli va o‘tgan ajdodlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga burchlimiz. Bunga esa ular qoldirgan boy merosni puxta o‘rganish, insonlarga foyda keltiruvchi barcha ilmlarni o‘zlashtirish va uni farzandlarimizga ham o‘rgatish orqali erishamiz.

Biz eng so‘nggi rusumdagi uyali aloqa apparatlari bilan “qurollangan” zamonda yashayapmizki, bu texnologiyalarning “karomati” yoshlarning aksariyatini fikrlashdan, tafakkur qilishdan mutlaqo mosuvo qilib qo‘yayotgani hech kimga sir emas. Yoshlarimizga ularning ertangi kun kamolotiga kitob mutolaasi nechog‘li zaruriyat ekanligini tushintirish uchun ham bugun ularning qo‘liga kitob tutqazishimiz kerak. Ana shu maqsadda kutubxonalar javonidagi kitoblar sonini yanada oshirishga harakat qilishimiz, kutubxonalar eshiklarini esa yoshu qari uchun doimo ochib qo‘yishimiz zarur.

Zarbdor tumani axborot-kutubxona markazining eshigi qay tarzda ochiqligini ko‘rish uchun tuman kasb-hunar maktabida joylashgan kitoblar maskaniga yo‘l oldik. Maktabning ikkinchi qavatida joylashgan kutubxonaning abonentlar zaliga kirishimiz bilan hafsalamiz pir bo‘ldi. Bu yerda kutubxonachilar ham, kitob olishga kelgan kitobxonlar ham qishki kiyimlarga o‘ranib-chirmanib olishgan, xona juda sovuq edi. “O‘quv zali ham shunday sovuq bo‘lsa, kitobxonlarning ahvoli qanday ekan?” degan o‘y bilan axborot kutubxona markazi direktori O‘tkir To‘xtayevga yuzlandik.

— Kutubxonamizning hamma bo‘limlari shu xonaga joylashgan, -dedi u go‘yo kutubxonaning shunday ahvolga kelib qolganiga o‘zi aybdorday. — O‘z binomiz bo‘lmagandan keyin shu sharoitga ko‘nikib ishlayapmiz.

Arnasoy tumanida safarda bo‘lganimizda kutubxonasida o‘tayotgan “Kitob festivali”da ishtirok etgandik. U yerda o‘quvchi va yoshu qari kitobxonlarning ko‘zidagi chaqnoq nurni ko‘rib havasimiz kelgandi. Kutubxonada kitobxon uchun hamma sharoit muhayyo qilib qo‘yilgan, kompyuter qarshisida o‘tirgan bolakaylar o‘zlariga kerakli adabiyotlardan parchalarni ko‘chirib olishmoqda, bir tomonda kitobsevarlar guruhi uchun to‘garak mashg‘uloti o‘tayapti.

Kitob — qalb chirog‘i, tafakkur qanoti. Ayniqsa, kitobdan taraladigan va elektron nashrdan topib bo‘lmaydigan o‘ziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida mo‘jizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan ko‘ngil cheksiz zavqqa to‘lgan holda kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikr almashishning huzur-halovati tamoman o‘zgachadir. Sohibqiron Amir Temur ta’biri bilan aytganda, “Kitob (bitig) barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni yaratuvchi murabbiydir”. Shu ma’noda, shaklidan qat’iy nazar, barcha kitoblar milliy o‘zligimiz hamda umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi. Alisher Navoiy hazratlari deydilarki, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Ochig‘ini aytganda biz Arnasoydagiday sharoit hamma tumanlarda yaratilgan bo‘lsa kerak degan xayolga borgandik. Zarbdorda buning butunlay aksini ko‘rdik.

AKM dastlab Xalq demokratik partiyasiga qarashli binoga joylashgan ekan.
— U yerda har holda sharoit bor edi. Kitobxonlar bilan gavjum bo‘lardi kutubxonamiz. Keyin bilsak biz ijarada turgan ekanmiz, -deydi kutubxona bo‘lim boshlig‘i Umid Ehsonov. — Ijara haqqini to‘lay olmaganimiz uchun bino eshigini yopib, muhrlab tashlashdi. Partiya bizni sudga berib ijara haqqini undirib oldi.

Ajab savdolar, yoshlarni, xalqni o‘qimishli qilishni maqsad qilib qo‘ygan siyosiy partiya kutubxonaning ashqal-dashqalini yig‘ishtirib, binosidan haydab chiqaribdi. Pulga borib taqalganda hech narsa ko‘zga ko‘rinmay qolar ekan-da. Axir, kutubxonadan tekin kitob olib o‘qiyotgan odamlar orasida o‘sha partiyaning ham elektorati bor emasmikin?!

Shunday qilib, Zarbdor axborot-kutubxona markazi uyi yo‘q bedanaga aylandi. Haytovur tuman kasb-hunar maktabidan joy topildi. Ular ko‘chib kelgani, qanday joylashgani bilan hech kim qiziqib ham ko‘rmaydi. Kasb-hunar maktabidan avval uch xona ajratilgan bo‘lsa, keyinchalik “O‘zimizga ham kerak bo‘lib qoldi” deb ikkita xonani olib qo‘yishadi. Shu tariqa kutubxonaning hamma kitoblariyu mebellari bitta xonaga tiqishtirildi. Keyin ma’lum bo‘lishicha shu yagona xonaning ham yarmiga kasb-hunar maktabining kutubxonasi joylashgan ekan.

Bilasizmi, O‘zbekistondagi axborot-kutubxona muassasalari faoliyatining milliy model standartida axborot-kutubxona sohasida xizmat ko‘rsatish va ular uchun joy ajratish aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Xususan, turli axborot tashuvchi moslamalar (o‘quv zali, mediateka) orqali axborotni olish maydoni, davlat elektron axborot-kutubxona resurslariga, Milliy umumta’lim elektron kutubxona kanaliga kirish maydoni, ma’lumotlar bazasi, davlat axborot tizimi, xalqaro nashriyotlar va axborot agregatorlarining xorijiy to‘liq matnli ilmiy-ta’limiy ma’lumotlar bazalariga kirish maydoni, axborot-kutubxona fondini saqlash (kitob saqlash ombori, ko‘rgazmalar) maydoni, mavjud massivlar va resurslar to‘g‘risida ma’lumotlar olish kanali (katalog, kortatekalar, ma’lumot-biografiya xizmati)…

Bularning har biri alohida xonaga yoki zalga joylashtirilishi lozim. Axborot-kutubxona markazi faqat kitob tarqatadi deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar, o‘quvchilar shu yerga kelib mustaqil ishlash, kompyuterda jahon adabiyoti durdonalarini o‘qishi uchun sharoit yaratilishi lozim. Bu yil Zarbdorda necha nafar o‘quvchi IELST yoki milliy sertifikat oldi? Bundan tuman rahbarlarining xabari bormi? Bunday sertifikat egalari oliy ta’limga sinovsiz qabul qilinayotgani uchun yuzlab yoshlar va o‘quvchilar kutubxonalarda jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Albatta sharoiti bor kutubxonalarda! Zarbdor AKMida atigi uchta kompyuter bor, xolos. Ularga 100 tagina kitob elektron tarzda kiritilgan.

Zarbdor AKMida 22068 ta kitob fondiga ega va 3697 nafar kitobxon bor ekan. Xo‘sh, 94 mingdan oshiq aholi yashaydigan tuman uchun bu ko‘pmi yoki kam? Aholining 4 foizigina kitobxon ekan.

Respublika Milliy kutubxonasi va Sharof Rashidov nomli axborot-kutubxona markazi tomonidan o‘tgan yillar davomida Zarbdor AKMiga 2371 nusxa kitob yetkazilib berilgan bo‘lsa, tuman tomonidan kitob sotib olish uchun 1 so‘m ham ajratilmagan.

Ayni kunlarda butun mamlakatimizda Navoiyxonlik, Boburxonlik kunlari, festivallari o‘tmoqda. Ulug‘ bobolarimizga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda. Yuqorida Arnasoy kutubxonasi bejiz tilga olinmadi. Bu kutubxona homiylar yordami bilan barpo etilgandi. Agar hozir borsangiz o‘sha kutubxonada ko‘rgazmalar, Navoiy va Bobur hazratlari hayoti, ijodi haqida devoriy gazetalar chiqarib qo‘yilganiga guvoh bo‘lasiz.

Hozirgi kunda ko‘pchilik yoshlarimiz maktab darsliklarida berilgan Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar», Cho‘lponning «Kecha va kunduz», Oybekning «Navoiy» kabi asarlaridan keltirilgan parchalar bilan tanish, xolos. Hatto ba’zilari darslikda berilgan parchani o‘qib, «Men falon asarni o‘qiganman» ham deydi. Kutubxonalarga bo‘lgan munosabat shunday ekan, bunday manqurtlik davom etaveradi.

«Tarixdan ma’lum, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida. Darhaqiqat, bugungi avlod Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Ogahiy kabi mumtoz adabiyotimiz namoyondalari, millatim bilimli bo‘lsin deb hayotidan kechgan jadidchi bobolarimiz asarlarini o‘qimas ekan, kitob mutoalasi, kitobxonlik haqidagi gaplarimiz quruq safsata bo‘lib qolaveradi.

Asad MUSTAFOYEV.
“Jizzax haqiqati”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan