ADLIYA MASLAHATXONASI

—Mehnatga layoqatsizlik varaqasi yo‘qolsa nima qilish kerak?

— Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini tayinlash uchun faqat mehnatga layoqatsizlik varaqasi (kasallik varaqasi) asos bo‘ladi. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi yo‘qolganda, nafaqa uning dublikati asosida beriladi. Nafaqa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan yoki xodimga nogironlik belgilangungacha bo‘lgan davr uchun hatto bu davrda xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda ham beriladi. Xodimni mehnatga qobiliyatsizlik vaqti uning yillik ta’til davriga to‘g‘ri kelib qolsa, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha kunlar uchun nafaqa to‘lanadi.

Farruh Mirzayev,
Paxtakor tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.

 

— Xodim bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan davrda mehnatga layoqatsizlik varaqasi qanday tartibda beriladi va to‘lanadi?

—Mehnat kodeksining 405-moddasiga asosan, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.
“Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 29-bandi uchinchi xatboshisiga ko‘ra, bola ikki yoki uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’til yoki ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’tilda bo‘lgan ayollarning takroriy homiladorligi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda beriladi.

Vohidjon Qodirov,
Paxtakor tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan