Bugungi kunda ba’zi odamlar kitob, gazeta va jurnallar mutolaasidan biroz chekinib, internetdagi yangiliklarni o‘qishni xush ko‘radi. Lekin kitob mutolaasining o‘rni boshqacha. Olimlar aql va fikr tiniqligini bir umr saqlab qolish uchun miyani muttasil ravishda rivojlantirish zarur deb hisoblamoqdalar.
Ya’ni hamisha mutolaa bilan “mashq qildirib borish” kerak ekan. Ammo, bugun “miyam dam olsin” deb ko‘pchilik televizorga, kompyuterdagi o‘yinlar bilan o‘zini chalg‘itadi. Biroq tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, inson martabasi oshishi, oilasida yaxshi munosabatlar barqaror bo‘lishi, yosharishi va ko‘proq umr ko‘rishi uchun mutolaadan yaxshisi yo‘q ekan.
Kitob, gazeta-jurnallar o‘qish avvalo insonning so‘z boyligini oshiradi. Yangi so‘zlarni “kashf” qilamiz, ularning ma’nosini anglab olamiz. Mutolaaning foydali tomonlaridan biri—odamlar bilan muloqotga oson kirishasiz. Og‘zaki nutq rivojlanib boradi. Fikr va mulohazalarimiz teranlashadi. O‘qigan sayin ko‘p narsani bilgimiz kelaveradi, natijada bilimimizni oshirishga intilamiz.
Kitob mutolaasining yana bir jihati u stresslarni yengadi. Bunga sabab mutolaa paytida odam hayot tashvishlarigi unutadi. Kitobdagi qahramonlar hayoti, munosabatlari, fikrlari asabimizni tinchlantirib, ruh va tanimizdagi siqilish va charchoqlarni ketkazadi. Ayniqas, uyqu oldidan qilingan mutolaa tiniqib dam olishimizga yordam beradi.
Kitob o‘qishning foydali jihatlaridan biri uning tafakkurimizga ijobiy ta’siridir. Mutolaa paytida mulohaza va mushohadalar qilamiz. Masalan, badiiy asardagi syujetini yaxlit holda miyada saqlash uchun xotiramiz “ishga” kirishadi ko‘plab epizodlarni yodda tutamiz. Demak, barchasi xotira va mantiqni mashq qildiradi, tafakkurni kengaytiradi.
Olimlarning fikricha, mutolaa Alsgeymer kasalligidan saqlanishga yordam beradi. Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, kitob o‘qish miya xastaliklarining oldini olar ekan. Miyaning faolligi uning umumiy ahvolini yaxshilaydi.
Eng muhimi, mutolaa odamni yoshartirishi tibbiyotda ham o‘z isbotini topdi. Miya qarisa, odam tanasi tezroq qarishi fanda allaqachon isbotlangan. Bunga hayotda misollar ko‘p. Kitob o‘qigan odamda esa, miya doimo faol bo‘ladi. Faollik inson tanasini tetik saqlaydi, qarishga to‘sqinlik qiladi.
Xalqimiz “o‘qigan odam”, “uqqan odam” deb ilmli insonlarni bejizga maqtamaydi. Mutolaa odamda ijodkorlikni faollashtiradi. Kreativ fikrlashga o‘rgatadi. Kitobdagi g‘oyalar va qahramonlar tajribasi hayotda ham asqotib qolishi mumkin yoki shunga o‘xshash vaziyatlarda yangi-yangi fikrlar tug‘iladi .
Uyqu oldidan qilingan mutolaa tiniqib dam olishni ta’minlaydi. Ko‘pchilik insonlar har kuni yotishdan oldin kitob o‘qiydi va ular shunga o‘rganib qolishadi. Bu yaxshi odatga aylanadi. Natijada tiniqib uxlaymiz va ertalab bardam va tetik bo‘lib o‘yg‘onamiz.
Kitob o‘qishning foydali tomonlaridan yana biri bu fikrni jamlab olishga yordam beradi. Kitob o‘qish davomida boshqa narsalarga chalg‘imasdan asar voqealarining ichiga tushib qolgandek bo‘lamiz go‘yo. Ana shu daqiqada fikrimiz bir joyga jamlanadi. Bu holat biror masala yuzasidan qaror qabul qilishda yordam beradi. Eng muhimi teran fikr bilan ish yuritamiz. Ishchanligimiz oshadi, ma’naviy ozuqa olib ruhimiz tetiklashadi. Bu esa salomatligimizni bir maromda saqlashga imkon beradi.