Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish, mahalliy sayyohlar sonini oshirish borasida qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Ushbu ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlarni milliy madaniy merosimiz hamda viloyatimizda qilinayotgan yangi bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish maqsadida vohamizda ham qator tadbirlar, sayrlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilova 3-bandiga muvofiq, ta’til vaqtida respublikaning diqqatga sazovor joylariga mavsumiy imtiyozli sayohat paketlarini tashkil etishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, oliy ta’lim muassasalari talabalari xarajatlarining bir qismini oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, maktab o‘quvchilari va mahallalardagi aholi va yoshlar tashriflari xarajatlarining bir qismini (yoki transport xarajatini to‘liq) mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplash belgilangan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan o‘quvchi, talaba va yoshlarning respublikamiz bo‘ylab sayohat qilishlari uchun zarur tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatr va kinoteatrlarga yoshlarning jamoaviy tashriflarini tashkil qilish ko‘rsatilgan. Yoshlarning madaniy meros obyektlari va muzeylarga tashrifi davomida mahorat darslarini tashkil qilish va o‘tkazish, tariximizni jonli ko‘rsatuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar namoyishini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. Ushbularga muvofiq, viloyat bo‘ylab talaba yoshlar o‘rtasida ham turli sayohatlar uyushtirilayotir.
Ma’lumki, 2021-yilning iyun oyida respublikamizda Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil etilgan. Yaqinda shu universitet talabalarining Jizzax viloyatiga sayohati tashkil etildi. Dastlab universitet talablari Jizzax viloyatining maxsus iqtisodiyot hududida joylashgan “BYD” korxonasiga tashrif buyurishdi va ushbu korxona faoliyati hamda avtomobil ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar. So‘ng Forish tumanida joylashgan Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida bo‘ldilar. Yoshlar ushbu tog‘ poligon faoliyati, harbiy xizmatchilarning yashash sharoiti, jangovar o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishlari uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirishdi.
Xolnisa RAHMONQULOVA.