YANGI YILDA YANGI MARRALAR BЕLGILANDI

“2023 yilda budjet tushumlari ijrosi hamda 2024 yilda amalga oshiriladigan aniq reja va vazifalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan brifingda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzot Toshpo‘latov o‘tgan yilda “Soliqchi-tadbirkorga ko‘makchi” tamoyiliga ko‘ra yangicha – “tadbirkorbay” tizimi asosida manzilli ishlar olib borilganligini alohida ta’kidladi.

Yangi ish usubining qo‘llanilishi natijasida budjet daromadlariga belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi. Bu esa soliq tushumlarini prognozlashda va qo‘shimcha manbalar aniqlashda yangi imkoniyatlar yaratib beradi. Viloyatga 2023yil uchun budjet daromadlariga belgilangan 2 517 mlrd.so‘mlik prognoz 2 892 mlrd.so‘mga, ya’ni 115 foizga bajarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga (2 208 mlrd.so‘m) nisbatan 683 mlrd.so‘mga yoki 30 foizga ko‘p demakdir.

Jizzax viloyatida 2024yil 1yanvar holatiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 7499 taga yetdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 910 taga, ya’ni 114 foizga o‘sgan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan QQS to‘lovchilar tomonidan o‘tgan yil davomida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 489-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan QQS salbiy farq summasini (ortiqcha to‘lov) qoplab berish bo‘yicha soliq to‘lovchilar tomonidan yuborilgan 120 ta holatdagi arizalar ijobiy deb topilib, 162,6 mlrd.so‘m QQSning ortiqcha to‘lov summalari ularning hisobraqamlariga qaytarib berilgan. Bu bilan ushbu mablag‘lar tadbirkorlik subyektlarining o‘z faoliyatlarini rivojlantirish uchun sarflashga imkoniyatlar yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2024 yil 1 yanvardan barcha mahallalarga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlari (noturar joylar bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10 foizi tegishli Jamg‘armalarga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.

Prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlashda soliq qarzdorligini undirish asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Soliq organlari tomonidan 2023 yilda 229,2 mlrd. so‘m soliq qarzdorligi hisobiga 3439 ta mol-mulklar xatlovga olinib, buning natijasida 178,3 mlrd. so‘m soliq qarzdorligi undirildi.

Yashirin iqtisodiyot davlatimizning soliq siyosati va budjetning shaklantirishda eng katta to‘siqlardan biri ekanligini ta’kidlab, B. Toshpo‘latov shunday dedi:
— Yashirin iqtisodiyot bo‘yicha viloyatda o‘tgan yilda bank hisobraqamlari orqali yirik miqdorda pul aylanmalari harakatini hamda faoliyatida shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 29 ta tadbirkorlik subyekti aniqlandi. Ushbu tadbirkorlik subyektlari EHF orqali 125,5 mlrd. so‘mlik tovar (ish, xizmatlar) realizatsiyasini hamda 578,6 mlrd. so‘mlik tovar (ish, xizmatlar) xaridini amalga oshirgan.

O‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasi bo‘yicha faoliyatida yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullanish ehtimoli yuqori bo‘lgan hamda faoliyatida shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 18 ta tadbirkorlik subyekti bo‘yicha tekshirish hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar “Qani adolatli raqobat?” degan haqli e’tirozlar bildirayotgani bejiz emas.

Xufiyona iqtisodiyotning kichik bir elementi umumiy ovqatlanish korxonalarida ham mavjud. Masalan, viloyat bo‘yicha 634 ta umumiy ovqatlanish korxonalari mavjud bo‘lib, shundan, 574 tasi yoki 91 foizi (yillik aylanmasi 1 mlrd.so‘mga yetmagan) aylanma solig‘i to‘lovchisi hamda 60 tasi yoki atigi 9 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi.

Viloyatimiz soliqchilari 2024 yil uchun budjet daromadlariga belgilangan 2,1 trln. so‘mlik prognoz ko‘rsatkichlarini 2,4 trln. so‘mga bajarishni oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Soliq boshqarmasida o‘tgan brifingda viloyat va respublika OAV vakillari hamda bir guruh tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Asad MUSTAFOYEV

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan