SUVNI QANDAY TЕJASH MUMKIN?

Suv – hayot manbai. Oddiy iste’moldan tortib, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan noz-ne’matlargacha, bunyod bo‘layotgan osmono‘par binolar-u, eng zamonaviy texnologiyalargacha, barcha-barchasini suvsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq, afsuski, tabiat tomonidan ato etilgan bebaho ne’mat zahiralari yildan yilga kamayib bormoqda.

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 29 noyabrida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham aynan shu masala muhokama qilindi. Yig‘ilishda mamlakatimizdagi suv resurslarining 20 foizi o‘zimizda, katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida 2030 yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi ehtimoli bor.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi jami suv resursining 90 foizi foydalaniladigan qishloq xo‘jaligida bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflanayotganiga urg‘u berdi. Holbuki, iqlimi va yeri biznikiga o‘xshash mamlakatlarda suvni to‘g‘ri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilayapti. Suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 1 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha budjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun kam samara berayapti. Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar ortiqcha xarajat qilinyapti.

Davlatimiz rahbari suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi. Jumladan, kanal va ariqlarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilinib, bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar belgilandi. Bu vazifalarning moliyaviy-tashkiliy jihatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berilar ekan, suv tejash joriy etilgan maydonlarni har yili kengaytirib borish, Turkiya, Ispaniya va Xitoyning bu bo‘yicha tajribasini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar haqida mushohada yuritar ekanman, suvni tejash, uni isrof qilmasdan foydalanish har birimiz uchun ham qarz, ham farzligi ayon bo‘ladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda Inson va uning manfaatlari eng oliy qadriyat deb qaralayotgan islohotlar sabab, bugungi kunda toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan mahallalar, xonadonlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Yashirib nima qildik, yaqin yaqingacha ichimlik suvini falon pulga sotib olayotgan mahallarda bugungi kunda quvurlar orqali kelayotgan suv isrof qilinmoqda.

Bugun mahallalarda suvga bo‘lgan munosabatni ko‘rib, joningiz achiydi. Ko‘chalardagi jo‘mraklarning ishdan chiqqanligi sababli, suv bekorga oqib yotibdi. Avtomobillarni yuvish shoxobchalarida ham toza ichimlik suvi ishlatilyapti

Tadqiqotchi Otabek Bakirovning xorijiy mamlakatlarda, ayniqsa, yevropaliklarning suvga bo‘lgan munosabati haqidagi fikrlari ko‘pchilikni o‘yga soladi. “Ular bizning xalqimizdan aqlli bo‘lgani uchun suvga munosabatlari o‘zgachami? Yo‘q, ular suvga bizdan ko‘ra bir necha o‘n marta ko‘p xaq to‘lagani uchun suvdan tejamli foydalanishadi” degan gaplari naqadar haqqoniy. Ochig‘ini aytish kerak, toza ichimlik suvi narxining arzonligi ham isrofgarchilikka sabab bo‘layapti. Oldimizda oqayotgan suvning qadri bo‘lishi uchun, uni xonadonlarimizgacha yetib kelishida sarflanayotgan mablag‘, sohada ishlayotgan odamlarning mehnati qadr topishi kerak.

Suv o‘z nomi bilan bebaho ne’mat, u tekin emas. “Qanday ne’matni xor qilsang, unga albatta zor bo‘lasan”, deydi dono xalqimiz. Shunday ekan, suvni tejash, uning ortiqcha isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik suv tanqisligi muammosiga yechim topishdagi har birimizning qo‘shgan hissamiz ekanligini unutmaylik.

Sherzod MAMATQULOV
O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan