Vohada turizmni rivojlantirish, sohada malakali kadrlarni tayyorlash, sayyohlik xizmatlari sifatini yanada yaxshilash maqsadida Baxmal va Zomin tumanlarida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Baxmal tumani viqorli tog‘lari, zilol suvlari va go‘zal tabiati bilan xorijiy mehmonlarning sevimli sayohat joyiga aylanib bormoqda. Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yish, bu borada bilimli kadrlarni tayyorlash muhim. Tuman kasb-hunar maktabida turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar hamda yoshlar ishtirokida “Baxmal tumanida joylashgan oilaviy mehmon uylari egalari va turizmga qiziquvchi yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish” bo‘yicha o‘quv seminarida. Viloyat turizm boshqarmasi va O‘zbekiston ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi viloyat bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda sayyohlik sohasida tadbirkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan yangiliklar, imtiyozli kreditlar olish tartibi hamda ilk tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yuzasidan ko‘nikmalar berildi. Anjumanda faol ishtirok etgan yoshlar va tadbirkorlar sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zomin tumanida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Jizzax va Sirdaryo viloyati hokimliklari bilan hamkorlikda o‘tgan amaliy anjumanning bosh mavzulari “Xovos, Zomin, Baxmal, Forish va Arnasoy turizm xalqasini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari va turistik salohiyati” hamda “Turizm marketingi va servisi” deya nomlandi.
—Ikki tomonlama tasdiqlangan yo‘l xaritalarida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda Xovos, Zomin, Baxmal, Forish va Arnasoy turizm xalqasini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari, turistik salohiyati, shuningdek, bu boradagi innovatsion yondashuvlarni amalga tatbiq qilish masalalari muhokama etildi, —deydi viloyat turizm boshqarmasi matbuot xizmati kotibi Dilorom Xolmurzayeva. — Shuningdek, mazkur tumanlarda turizm sohasini rivojlantirishda tarixiy, madaniy va ma’naviy merosdan samarali foydalanish, bu maskanlarga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini kuchaytirishda turizm marketingi va servis sifatini, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatishni yanada oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar kelishib olindi.
Xolnisa RAHMONQULOVA.