“Sog‘lom hayot sari birgalikda” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

1 dekabr –Xalqaro OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari va blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida “Sog‘lom hayot sari birgalikda” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimligi, viloyat oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, OITSga qarshi kurashish markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh vrachi Nilufar Asqarova yil davomida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi. Hisobotlardan ma’lum bo‘ldiki, OIV infeksiyasi respublikamizda hamon dolzarbligini yo‘qotmaganligi, kasallikni xalqimiz nafaqat dunyo bo‘yicha balki yurtimizda ham sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasdan yuqtirayotganligi achinarli holat. OIV infeksiyasi tarqalishida turmush o‘rtog‘iga sadoqat eng muhim omil ekanligi, kasallikning oldini olishda fuqarolar har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi zarurligi mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi.

– OIV infeksiyasini aholi orasida tarqalish sabablari va sharoitlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi yillarda kasallikni aholi orasida tarqalishida migratsiya jarayonlarining ahamiyati ortib bormoqda, –dedi O‘zbekiston vrachlar assosatsiyasi viloyat bo‘limi raisi, viloyat OITSga qarshi kurashish markazining sanitariya targ‘ibot vrachi Minavar Sodiqov. –Xususan, joriy yilda aniqlangan bemorlarning 33 foizi kasallikni chet davlatlardan yuqtirib kelganligi aniqlandi. Migrantlar OIV infeksiyasi bilan zararlanib, o‘z uyiga, oilasiga kelganda kasallikni oila a’zolariga, asosan turmush o‘rtog‘iga yuqtirish holatlari ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida migrantlar, ularning oila a’zolari orasida OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish borasida tizimli ravishda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borish, chet davlatlardan qaytgan fuqarolarni OIV infeksiyasiga tibbiy tekshiruvdan o‘tishini ta’minlash, OIV infeksiyali shaxslarni erta aniqlash, kasallikni ulardan boshqalarga yuqishining oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarni kuchaytirishni taqozo etadi.

Tadbirda jurnalistlar, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan mavzu yuzasidan qizg‘in savol-javoblar, fikr-mulohazalr bildirildi. Kelgusida OITSga qarshi kurashish borasida ijtimoiy tarmoq xodimlari bilan doimiy yaqin aloqada olib borish lozimligi ta’kidlandi. Viloyatimizda OITSga qarshi kurashish tadbirlari har jabhada davom ettirilmoqda. Barchani ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga va salomatligimizni asrashga o‘z hissasini qo‘yishni so‘rab qolamiz.

Shahnoza YULDASHЕVA.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan