Voha xabarlari

BIRGALIKDA KO‘CHAT EKAMIZ

Yangiobod. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida Sarmich mahallasida yangi bog‘ barpo etildi. Keng jamoatchilik vakillari, oqsoqollar, yoshlar, xotin-qizlar, mahalla aholisi shu kuni yangi boqqa 400 tup mevali daraxt ko‘chalarini o‘tqazishdi. 3-son maktabgacha ta’lim tashkiloti tashabbusi bilan esa shu muassasa hududiga 200 tup bodom daraxti ko‘chatlari ekildi. Yangi boqqa “Bolajonlar bog‘i” deb nom berildi.
Sharof Rashidov. Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi ishchi-xizmatchilari tashabbusi bilan 4 R 38 yo‘lining 10,5 kilometr qismidagi bo‘sh yer o‘zlashtirildi. 2 gektarni tashkil etuvchi yangi boqqa manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari qadaldi. Hasharda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari ham faol ishtirok etishdi. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy poliklinika xodimlari kuzgi ko‘chat ekish tadbirida hashar uyushtirishdi. Atrof tozalanib, daraxtlarga shakl berilib, oqlandi. Tibbiyotchilar tomonidan ikki yuzdan ortiq ko‘chatlar ekildi.

KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK NAZORATDA

Respublika ishchi guruhi tomonidan viloyatimiz shahar va tumanlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari qanday ketayotganligi o‘rganilmoqda.
Jumladan, respublika ishchi guruhi Sharof Rashidov tumanidagi qator ijtimoiy obyektlarni ko‘zdan kechirishdi. “Kuyovboshi”, “Ziyokor”, “Saroylik”, “Toqchilik”, “Qangli” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, qishloq vrachlik punktlarida bo‘lgan ishchi guruh a’zolari o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berishdi.
Qangli mahallasidagi 14-umumta’lim maktabi investitsiya dasturiga asosan 7,8 millard so‘mlik mablag‘ evaziga mukammal ta’mirdan chiqarildi. Kuyovboshi mahallasiga 2 kilometrlik yangi gaz tarmoqlari tortildi.

AVTOBUS YO‘LAKLARI BARPO ETILADI

Jizzax shahrida jamoat transporti doimiy harakatlanadigan ko‘chalarda alohida avtobus bekatlari barpo etiladi. Talab etilgan ko‘chalarni va uning masofalarini aniqlash bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Viloyat YHXB, transport va viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari bilan hamkorlikda Jizzax shahrining Toshkent va Navoiy ko‘chalari kesishmasidan Navoiy va Shifokorlar ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan 2620 metr, Sharof Rashidov va Istiqlol ko‘chalari kesishmasidan Sharof Rashidov va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan 1690 metr, Islom Karimov va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasidan Mustaqillik ko‘chasi va Olmazor massivigacha bo‘lgan 3500 metr masofadagi yo‘llarda maxsus avtobus yo‘laklari harakati tashkil qilinadi. Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

AMBULANSLAR EGALARIGA TOPSHIRILDI

Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan “103” xizmatlariga navbatdagi 16 ta beshinchi avlod “Wolkswagen Caddiy” tez tibbiy yordam mashinalari topshirildi. Baxmal va G‘allaorol tibbiyot birlashmalariga ikkitadan, qolgan tumanlarga bittadan zamonaviy ambulanslar yetkazilib berildi.
Qayd etish kerakki, “Wolkswagen Caddiy” yuqori texnik ko‘rsatkichga egaligi, harakatlanish tezligining yuqoriligi va ixchamligi bilan ajralib turadi. Mazkur avtomashinalarni loyihalash va jihozlash shifokorlar va bemorlarga imkon qadar qulaylik yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Zoir KALONOV.
(“Jizzax haqiqati”)

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan