NNTLAR FAOLIYATI SARHISOB ETILDI

Jizzax shahridagi NNTlar uyida “Davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish maqadida NNTlarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida muloqot maydonini yaratish” mavzusida forum tashil etildi. Viloyat hokimligi, O‘zNNTMA viloyat hududiy bo‘linmasi va “Adolat” SDP viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasi a’zolari, O‘zNNTMA trenerlar shtabi a’zolari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

-Bugun viloyatimizda 500 dan oshiq NNTlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning katta qismini bugun aholi taniydi, chunki ular orqali joylardagi muammolar yechim topib, aholi kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishda o‘ziga xos vositaga aylanib bormoqda, – dedi o‘z so‘zida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limi rahbari Husan Abduniyazov. – Dastavval aholining huquqiy ongini oshirish, kasb-hunarga yo‘naltirish kabi masalalarda faollik ko‘rsatgan NNTlar endilikda ijtimoiy buyurtmalar orqali olis hududlardagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ham faollik ko‘rsatishayapti.

Forumda so‘zga chiqqanlar – O‘zNNTMA viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari N.Kamolova, “Adolat” SDP viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari P.Hamzayev, O‘zbekiston “Ma’rifatparvarlar” jamiyati viloyat bo‘limi raisi M.Qarshiboyev va boshqalar fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshib borayotganligi va kutilayotgan istiqbollar to‘g‘risida tahliliy fikr-mulohazalar bildirdilar.

Tadbirda 2023 yil davomida faollik ko‘rsatgan NNTlar faoliyati to‘g‘risida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, “Istiqlol avlodi” NNT, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamot fondi viloyat bo‘limi, “Sog‘lom avlod uchun” Fondi, viloyat “Qalb nuri” markazi, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz bilan ish olib boruvchi NNTlarning yillik faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
-Ayni vaqtda inson huquqlari bilan ishlash, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar bilan ishlash, xotin-qizlar va yoshlar faolligini oshirish yo‘nalishlaridagi NNTlar faoliyati samarali kechmoqda, – deydi tadbir tashkilotchisi Nazifa Kamolova. – Yil davomida xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan 5 marta grant loyihalari tanlovi e’lon qilinib, 40 ga yaqin NNTga ishonch bildirildi. 2024 yilda ham bu tashabbus davom etib, NNT sektorida band tashkilotlarga tenglik asosida imkoniyat beriladi.
Forum yakunida faol nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda OAV xodimlari hamkorlikdagi samarali mehnatlari uchun tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Muqaddas SAPAROVA.
B.QUDRATOV olgan surat

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan