YANGI KONSTITUTSIYA XALQ UCHUN!

 

“Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasi.

Mustaqil mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi har yilgidan ko‘ra o‘zgacha shukuh bilan nishonlanishi tabiiydir. Zero, joriy yilda tubdan yangilangan Asosiy qonun umumxalq referendumi natijasida qabul qilindi va milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor barcha ustuvor qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘ldik. Qayd etish o‘rinliki, konstitutsiyaviy islohot har qanday davlatdan qat’iy siyosiy iroda, jasorat va eng muhimi, yetilgan sharoitni taqozo etadi.
Konstitutsiyani, qolaversa, uning bironta qoidasini zamon va makonning xususiyati talablariga zid ravishda o‘zgartirib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda esa, Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida keyingi 7 yilda amalga oshirilgan tarixiy o‘zgarishlar Asosiy qonunimizni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Bu davrda islohotlar shu qadar keng ko‘lam va shiddat kasb etdiki, Konstitutsiya va qonunlardan iborat huquqiy makon ularning zalvorli yukini ko‘tarolmay qoldi. Shu bois, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Konstitutsiyani tubdan isloh qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu borada inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi mavjudligi juda muhim. Fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi alohida ahamiyatga ega. Shu sababli Konstitutsiyamizda fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekanligi begilangan. Bu juda muhim ijtimoiy kafolatdir. Chunki aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan o‘rin olgan 48-modda aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutadi. Tibbiy sohani, shu jumladan uning nodavlat shakllarini rivojlantirish davlat majburiyatlariga o‘tkazilishi fuqarolarga sifatsiz tibbiy yordam ko‘rsatish yoki umuman tibbiy yordam ko‘rsatmaslik holatlarining oldini olishga ko‘maklashadi. Mazkur moddadagi ushbu norma orqali tibbiyotning nodavlat shakllarini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun mustahkam poydevor yaratildi.

Xolida ALIMOVA,
Jizzax viloyati bolalar ko‘p tarmoqli
tibbiyot markazi bosh shifokori,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan