Viloyat hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi idoraviy yig‘ilishni boshqarib borgan viloyat hokimi Ergash Saliyev dastlab mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari muhokama etilgani haqida gapirib, viloyatdagi mavjud paxta-to‘qimachilik klasterlarining muddati o‘tgan qarzdorliklarini zudlik bilan to‘lash zarurligini ta’kidladi va mutasaddi rahbarlarga zarur topshiriqlar berdi.
Idoraviy yig‘ilishda viloyat hokimi ijro intizomi masalasiga alohida to‘xtaldi. “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash muhim vazifa ekanligi ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, viloyatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston—2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash ishlari mas’ul rahbarlarning aybi bilan paysalga solinayotganini tanqid qildi. Zomin, G‘allaorol, Forish, Sharof Rashidov, Arnasoy, Do‘stlik tumanlarida bu borada siljish bo‘lmayapti. “Yashil jamoat parklari”, “Yoshlar bog‘i” tashkil etish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etib o‘tildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Viloyatning bir qator tumanlarida manzarali va mevali hamda buta ko‘chatlari ekish ishlari talab darajasida emasligi keskin tanqid qilindi. Belgilangan reja Forish tumanida 29, 4 foizga, Baxmal tumanida 38,4 foizga bajarilgan xolos. Zafarobod, Mirzacho‘l, Baxmal, G‘allaorol, Zarbdor, Zomin, Forish, Yangiobod tumanlarida o‘rmon fondi yerlarida o‘rmonzorlar barpo etish ishlari ham talabga javob bermaydi. Bir qator korxona va tashkilotlar tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlari “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilmayotgani ham rahbarlarning bu ishga masu’liyatsizlik bilan yondoshayotganini ko‘rsatib turibdi.
Viloyat hokimi ayni kunlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning borishini respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganib borilayotgani, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish qoniqarsiz ahvolda ekanligini aytib o‘tdi. Jumladan, ko‘p qavatli uylarning ta’miri, elektr energiya, gaz va ko‘mir ta’minoti, lokal issiqlik tizimidan ko‘mirga o‘tkazish ishlarida hali ham talaygina muammolar mavjud. Yig‘ilishda ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish barcha shahar va tuman hokimlari hamda mutasaddi rahbarlar zimmasiga yuklatildi.
Viloyatimiz rahbari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aholi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Jizzax viloyati bo‘yicha Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish masalasiga asosiy e’tiborni qaratdi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan shahar va tumanlar, viloyat tashkilotlari keskin tanqid qilindi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi kompleksidagi tashkilotlarga kelib tushgan 226 ta murojaatning 117 tasi hal etilgan xolos. Sharof Rashidov, Zafarobod, G‘allaorol, Baxmal tumanlarida murojaatlarni ijobiy hal etish masalasi oqsamoqda.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash va aholi murojaatlari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga tanqidiy baho berdi. Barcha rahbarlarni xalqning murojaatlariga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. Bu borada shahar va tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, viloyat korxona va tashkilotlarining rahbarlari mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Majlisda hududiy eksport prognoz topshiriqlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishning ijrosi chuqur tahlil etildi. Viloyat bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish rejasi 71 foizga uddalangan. Yangiobod, Zafarobod, Zomin, Baxmal, Arnasoy tumanlarida investitsiya ishlari talab darajasida emas. Eksport rejasini bajarish bo‘yicha Arnasoy, Baxmal, Sh.Rashidov, Zomin, Zafarobod, Mirzacho‘l, Yangiobod tumanlari orqada qolmoqda.
Yig‘ilishda viloyatimiz rahbari yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi va bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish zarurligini ta’kidladi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov viloyat bo‘yicha yaratilgan yangi ish o‘rinlari haqida ma’lumot berdi. Viloyatimizda 135 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Ammo, Zarbdor, Arnasoy, Zafarobod, Forish, Mirzacho‘l, Sh.Rashidov tumanlarida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligiga urg‘u berildi. Tadbirkorlar tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari va o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan fuqarolarning aniq hisob-kitobini olish zarurligi ta’kidlandi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘isida”gi Farmoni va “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1-2-guruh nogironi bo‘lgan xotin-qizlarning uy-joylarini ta’mirlab berish yuzasidan qilinayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi tomonidan iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun mablag‘larni o‘z vaqtida undirish, debitor qarzdorliklarni qisqartirish, safarbarlik chaqiruv rezerviga to‘lovlar va viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir boshqa masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tanqidiy-tahliliy jihatdan muhokama qilindi.
Viloyatimiz markazida qurilayotgan, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Kibersport arenasi”da musobaqalar o‘tkazish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Idoraviy yig‘ilishda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli tashkilot rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari zimmasiga vazifalar yuklatildi.
Vasil ILYOSOV.
(“Jizzax haqiqati”)