Ayollar haqida yozishga chog‘lanar ekanman, har gal avvalgi maqolalarimga bir nazar tashlab chiqaman. To‘g‘ri, men ijodkor emasman, biroq ayollar haqida bir-birini takrorlamagan fikrlarni aytgim, yanada o‘zgacharoq ta’riflarda, latib so‘zlar ila yozgim keladi. Zotan ularga qanchalik bisyor zebolik tuhfa etsangiz, shunchalik ongu shuuringizni yuksaltirguvchi, tafakkuringizni tiniqlashtirguvchi nurga ega hokisor siymolarni tanib boraverasiz.
Ko‘p yillik faoliyatimiz davomida ba’zi toifalarni ko‘rib, mojarolarida ishtirok etib kelayotgan bo‘lsakda, bunday vaziyatlardagi xatolarning ildizi mehr-muhabbatga, e’tiborga mushtoqlikdan kelib chiqishini inkor eta olmaymiz. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy faolliklarini oshirish, ilmiy faoliyatga keng jalb etish kabi qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha 2023 yilda 25 marotaba sud jarayonlarida oila va xotin-qizlar bo‘limi vakillarining ishtiroki ta’minlandi va ba’zilari kafillik asosida jazodan ozod qilindi.
Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini oshirish bo‘yicha 568 nafar xotin-qizlar zaxira kadrlar nomzodligiga olinib, 164 nafari boshqaruv lavozimlarga tavsiya etildi. Mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan uyma-uy yurilib, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish moduli orqali 6 095 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan 37 792 nafar yurtdoshlarimizning muammolari ijobiy hal etildi. 10 026 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsizlar yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirildi. 3 700 nafar ayollarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun 23 mlrd. 125 mln. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. 10 542 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmandlar uchun 10 mlrd. 81 mln. so‘m ajratilib, bir martalik moddiy yordam berildi. 463 nafarining uy-joylari ta’mirlandi.
1- va 2-guruh nogironligi bo‘lgan 8 349 nafar fuqarolarga 7 mlrd. 772 mln. so‘m miqdorda moddiy va tibbiy yordam ko‘rsatildi. 20 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta’minlandi, 597 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.
Qaramog‘ida nogiron farzandi bor 4 558 nafar ayolga 4 mlrd. 348 mln. so‘mlik, 40 nafariga tomorqadan unumli foydalanishi uchun amaliy hamda moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Men bu ro‘yxat va raqamlarni yana davom ettirishim mumkin. Oilaviy tadbirkorlikka yo‘naltirilganlar, oliy o‘quv yurtida shartnoma to‘lovi to‘langanlar, tibbiy ko‘rikdan o‘tganlar, sportga, kasb-hunarga jalb etilganlar, psixologik, gender tenglik, zo‘ravonlik kabi mavzularda ham ko‘plab yutuq va kamchiliklarni keltirish mumkin. Lekin ulardan tiyilgan holda nozik, jozibali ko‘ngillarni go‘zal bahor faslining ilk kunlarida nishonlanadigan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida samimiy tilaklar yo‘llashdan baxtiyorman.
Shu tobda o‘ylaysizki, hozir salomatlik, go‘zallik, farovonlik, tinchlik, baxt, muhabbat va quvonch kabi doimo biz ayollarga izhor etib kelingan tilaklar takrorlanadi, deb. Yo‘q, azizlar, bu gal birgina niyatni bildirmoqchiman, har bir ayol o‘zligiga munosib bilimlarning sohibi bo‘lsin. Zero, bu bilimlar vatanparvarlik, insonparvarlik ibratlarida e’tirof etilishlik, muhabbat va vafo madhida kuylanishlik kabi eng ezgu va yorug‘ yo‘llarga yetaklovchidir. Siz rahbar, deputat, hunarmand, olima, ona, uy bekasi, qiz — kim va qaysi yoshda bo‘lishingizdan qat’iy nazar ilmga ishqingiz bilangina yashash zavqini tuying. O‘zligingiz haqidagi bilimlar mohiyatida atrofingizdagi odamlarning kechinmalari, munosabatlarini chin ma’noda tushuning, idrok eting. O‘z-o‘zingizga hurmat, e’tibor hissini quyosh qalbingizning mehrli nuri qadar anglang. Inson aziz bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda e’zozlash va e’zozlanish saodatida bahordek yashnab yashang, muhtarama ayollar!
Nazira MUXTOROVA,
viloyat hokimi o‘rinbosari,
Oila va xotin qizlar boshqarmasi
boshlig‘i, Oliy Majlis Senati a’zosi.