Barchamizga ma’lumki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan 2024 yil O‘zbekistonda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi.
Yangi yil tabrigida Prezidentimiz tomonidan “Inson qadrini ulug‘lash, aholimiz manfaatlarini ta’minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish bizning asosiy vazifamizdir”, — deb ta’kidlanganligi bugungi kundagi barcha rahbarlar oldiga qo‘yilgan kechiktirib bo‘lmas vazifadir.
Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu sababli, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarga tayanishimiz bugungi davrimizning talabidir.
Barchamiz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi muhit va sharoitlarga moslashib, o‘z tanlagan yo‘llaridan og‘ishmay yurishlari uchun tirgak bo‘lishimiz lozim. O‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun yoshlarga keng imkoniyatlarni yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – bugun har qanday darajadagi rahbar oldida turgan eng ustuvor vazifa bo‘lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.
Yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlar jinoyatchiligi va xuquqbuzarliklarining oldini olish, ta’lim muassasalaridagi, kuch tuzilmalaridagi va korxona-tashkilotlardagi yoshlarimiz bilan tizimli ishlash yo‘lida joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ham qator ishlar amalga oshiriladi.
Dunyo tajribasidan bilishimiz mumkinki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltiradi. Shunday ekan, bugun yoshlarimiz uchun qancha sarmoya kiritsak ham kam. Yurtboshimizning “Yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytiramiz. Ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, „yashil“ va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz”, — deb ta’kidlaganlari bugungi axborot asrida yoshlarimizning xususiy bizneslarini rivojlantirish, ularni IT sohalariga keng jalb qilish har qachongidan ham muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shunday ekan, viloyatda yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini joriy yilda yangi bosqichga olib chiqishda bor kuch va salohiyatimizni ishga solamiz!
Yangi yil barchamizga qutlug‘ bo‘lsin.
Murodbek Rahmonberdiyev,
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi
Jizzax viloyati kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax
viloyati Kengashi deputati.