“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida o‘z faoliyatini boshlagan “ADM JIZZAKH” MCHJ avtomobil multibrend xoldingi tashkil etilganidan buyon mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Mazkur kompaniya mamlakatimizda mahalliylashtirilgan ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, mahalliy bozorga sifatli va arzon avtomobillarni yetkazib berishni maqsad qilgan.
Mazkur zavodning tashkil etilishi Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan “Bir makon, bir yo‘l” strategiyasining yangi bosqichini amalga oshirayotgan hamkor davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda, O‘zbekiston avtomobil sanoatini modernizatsiya qilishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Ta’sischisi “Roodell” kompaniyasi bo‘lgan “ADM JIZZAKH” MCHJ nafaqat ishlab chiqarish maydonchasi, balki butun sohani o‘zgartiruvchi ijtimoiy-iqtisodiy loyihadir. Doimiy yangilash va modernizatsiya qilish jarayonida zavod o‘z ishlab chiqarish quvvati va texnologiyasini bosqichma-bosqich takomillashtirib boradi.
“Roodell” multibrend kompaniyasi “KIA”, “Chery”, “LADA”, “Renault” rusumli avtomobillarning rasmiy distribyutori (yetkazib beruvchi, ta’minotchi) bo‘lib, respublika bo‘ylab 30 ta filialni o‘z ichiga olganligini qo‘shimcha qilish kerak.
Texnologik taraqqiyot va innovatsiyalar bugun avtomobilsozlik muvaffaqiyatining muhim omiliga aylangan dunyoda “ADM JIZZAKH” MCHJ yetakchi bo‘lishga intiladi. Zavod konveyeridan chiqadigan har bir avtomobil doimiy takomillashtirish va izlanishlar mahsulidir. Ayni paytda zavodda “KIA” (Janubiy Koreya) va “Chery”(Xitoy) brendlari ostida 16 turdagi model ishlab chiqarilmoqda.
Avtomobil zavodi Tiggo 8 Pro Max, Tiggo 7 Pro va Arrizo 6 Pro flagman krossoverlarini keng miqyosda yig‘ishni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga 75 gektar maydonda mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan avtomobillarni yig‘ishning to‘liq siklini amalga oshirish uchun infratuzilma joylashtiriladi. Majmua barqaror rivojlanish konsepsiyasiga muvofiq atrof-muhitni muhofaza qilish va energiya tejamkor innovatsion muhandislik yechimlaridan foydalangan holda zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Loyihaga 250 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritildi. Zavod yiliga 100 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 2024 yilning martida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga korxona faoliyati kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga turtki bo‘ldi. Bugungi kunda Jizzax shahri, Paxtakor va Sharof Rashidov tumanlarida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha 500 million dollarlik 60 ta loyiha ishlab chiqildi. Bundan tashqari, iqtisodiy zonada Amerika va Yevropaning yetakchi muhandislik kompaniyalari bilan birgalikda eksperimental loyihalash markazi tashkil etiladi.
Yil boshidan buyon korxonada ikkita to‘liq smenada ish yo‘lga qo‘yildi, bu esa qo‘shimcha 600 ta ish o‘rni yaratish va ishlab chiqarish hajmini 3,5 barobar oshirish imkonini berdi. Agar 2022 yilda ishlab chiqarish hajmi 7351 dona avtomobilni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarishga erishildi. O‘tgan olti oyda jami kiritilgan investitsiyalar deyarli 40 million dollarni tashkil etdi.
Avtomobil zavodi rahbariyatining ta’kidlashicha, korxonada zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or usullar qo‘llanilayotgani sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkonini bermoqda. 72 ta AVV tipidagi robotlar va yuzlab ishchilar nazoratida payvandlash sexidagi asosiy ish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. Qo‘l mehnati asosan modullarni yig‘ishda, eshiklar, kapot va yukxonalarni o‘rnatishda lozim bo‘ladi. Bo‘yoq sexida ham robotlardan keng foydalaniladi. Hozircha avtomobil zavodida mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetdi.
– “Chery” va “KIA” avtomobillari O‘zbekiston bozorida dizayni, shuningdek, narx va variantlar tanlashning qulay nisbati bilan o‘zini yaxshi isbotladi. —Shu bois ularga xaridorlar tomonidan talab katta, – deydi “ADM Global” MCHJ bosh direktori Doniyor DAVLЕTIYAROV. –Talabni qondirish maqsadida “ADM JIZZAKH” MCHJ zavodi jamoasi sexga kelayotgan avtomobil ehtiyotlarini yig‘ish va tekshirish ustida tinimsiz mehnat qilishmoqda. —Mahsulotlarimiz tezda dilerlik markazlariga, keyin esa ular orqali o‘z egalariga eson-omon yuborilishini ta’minb, mijozlarga, ularning xonadonlariga baxtiyorlik va xursandchilik olib kirayotganimizdan biz ham faxrlanamiz.